BAAning Etisalat kompaniyasi O‘zbekistonda ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarini qurishda ishtirok etishi mumkin. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
13-may kuni vazir Laziz Qudratov bilan e& (Etisalat) kompaniyasi vitse-prezidenti Jasim Abdulla boshchiligidagi delegatsiya o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda tomonlar O‘zbekistonda telekommunikatsiya va raqamli infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Xususan, telekommunikatsiya kompaniyalariga va raqamli infratuzilmaga sarmoya kiritish, ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarini qurish bo‘yicha loyihalarni birgalikda amalga oshirish imkoniyati ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida muhokama qilingan loyihalarni birgalikda amalga oshirish doirasida keyingi amaliy choralarni ko‘rishga kelishildi.
Shuningdek, shu kuni vazir BAAning Envirol kompaniyasi bosh direktori Elham Putang‘estani boshchiligidagi delegatsiya bilan ham uchrashdi.
Uchrashuvda Markaziy Osiyodagi birinchi chiqindidan bioyoqilg‘i ishlab chiqaruvchi zavodni O‘zbekistonda qurish istiqbollari muhokama qilindi. Loyihani muvaffaqiyatli va o‘z vaqtida amalga oshirish bo‘yicha aniq choralar belgilanib, uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirishga o‘zaro tayyorlik bildirildi.
Yil boshida BAAning Khazna kompaniyasi O‘zbekistonda tashkil etiladigan ma’lumotlar markazining operatori sifatida faoliyat yuritishi ma’lum bo‘lgandi. Kompaniya sun’iy intellekt bo‘yicha xorijiy investitsiyalarni O‘zbekistonga jalb qilishni rejalashtirmoqda.
O‘tgan yilning dekabr oyida prezident huzurida bo‘lib o‘tgan sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha taqdimotda 2025-yilda Buxoro, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida “bulutli” ma’lumotlar markazi ishga tushirilishi ma’lum qilindi.
Davlat rahbari farmoni bilan “bulutli” ma’lumotlar markazi bo‘yicha takliflar ishlab chiqish topshirildi. Takliflar shaxsga doir hamda maxfiy ma’lumotlarni va bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni axborot xavfsizligi hamda kiberxavfsizlikni ta’minlagan holda ishlab chiqilishi kerak.