Mo‘g‘ulistonning Hunnu Air aviakompaniyasi sentabr oyidan boshlab O‘zbekistonga parvozlarni yo‘lga qo‘ymoqda. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar berdi.

Uzbekistan Airports kompaniyasi Mo‘g‘ulistonning Hunnu Air aviakompaniyasi bilan muzokaralarning ikkinchi bosqichini o‘tkazdi. Yig‘ilishda ishtirok etish uchun aviakompaniya bosh direktori Purevjav Munxjargal Toshkentga keldi.

Tomonlar Toshkent va Ulan-Bator o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muntazam yo‘lovchi qatnovlarini tashkil etish bilan bog‘liq masalalarni muhokama qildi.

Aviakompaniya joriy yilning sentabr oyidan boshlab Embraer 190 samolyotlarida haftasiga ikki marta parvozlarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda.

Muzokaralarda, shuningdek, Mo‘g‘uliston aviatashuvchisi rahbari Toshkentni Mo‘g‘uliston va qo‘shni davlatlar yo‘lovchilarining parvozlari uchun keng imkoniyatlar ochib beruvchi tranzit “Xab” sifatida ham ko‘rishini ta’kidladi.

Fevral oyida aviakompaniya vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda aviaqatnovlarni tashkil etish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilingandi.

Aviakompaniya ikki mamlakat poytaxtlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri muntazam yo‘lovchi reyslarni 2025-yilning ikkinchi yarmidan yo‘lga qo‘yishni ko‘rib chiqishi ma’lum qilingandi.

Hunnu Air xususiy mo‘g‘ul aviakompaniyasi 2011-yilda tashkil etilgan. Uning shtab-kvartirasi Ulan-Batordagi Chingizxon nomidagi xalqaro aeroportida joylashgan. Aviakompaniya ATR 72−500 va Embrayer 190 samolyotlarida ichki va xalqaro qatnovlarni amalga oshiradi.