O‘zbekistonda xususiy pensiya jamg‘armalarini tashkil etish taklif etilmoqda. Bu haqda Strategik islohotlar agentligi xabar berdi.
Agentlik direktori Bahodir Rahmatov Xalqaro maslahatchilar kengashi a’zolari — Alfred Guzenbauyer, Aleksandr Kvasnevkiy va Shtefan Fyule bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda tomonlar 2025-yilga mo‘ljallangan qo‘shma dastur doirasida tayyorlangan tashabbuslarni ko‘rib chiqdi.
Xususan, kengash tomonidan fiskal islohotlar bo‘yicha 5 ta yo‘nalish shakllantirilgan bo‘lib, soliq bazasini kengaytirish, soliqqa tortish tizimining shaffofligini va samaradorligini oshirish choralari muhokama qilindi.
XMK vakillari shakarli ichimliklarga nisbatan aksiz solig‘ini ichimlik hajmiga emas, balki undagi shakar miqdoriga qarab qayta ko‘rib chiqish taklifi ilgari surildi.
Shuningdek, ekspertlar pensiya tizimining joriy modelini qayta ko‘rib chiqish zarurligini ta’kidladilar. Moliyaviy barqarorlikni ta’minlash maqsadida 6 ta asosiy yo‘nalishni o‘z ichiga olgan 5 ta qonunni qabul qilishni taklif qildi. Ular qatorida quyidagilar bor:
- pensiya jamg‘armasiga badallar to‘langan davr asosida “sug‘urta staji” tizimini joriy etish;
- pensiya xizmatlarini ko‘rsatishning barcha bosqichlarini raqamlashtirish;
- ixtiyoriylik va jamg‘arib borish tamoyillariga asoslangan xususiy pensiya jamg‘armalarini tashkil etish.
Shuningdek, kengash ekspertlari Avstriya, Polsha va Chexiyada hududiy rivojlanish bo‘yicha mavjud yondashuvlar bilan tanishtirish va ularni O‘zbekistonda tatbiq etishda ko‘maklashishga tayyor ekanliklarini bildirdi. Tomonlar iqtisodiyot va ijtimoiy sohani rivojlantirishda muloqot va hamkorlikni davom ettirish niyatida.
Avvalroq senatorlar pensiya yoshiga yetgan fuqarolarga pensiyani ularning alohida murojaatisiz proaktiv shaklda tayinlash tartibini belgilovchi qonunni ma’qullagani haqida xabar berilgandi.