Shavkat Mirziyoyev 13-may kuni yo‘l xo‘jaligidagi ishlar natijadorligi va rejadagi loyihalar bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

2023-yildan buyon yo‘l qurish, ta’mirlash va saqlash bo‘yicha ishlarga 26 trln so‘m ajratilib, jami 40 ming km yo‘l va 540 ta ko‘prik ta’mirlandi. Jalb qilingan xorijiy mablag‘lar 3 baravar oshdi.

Bu yil 7 ming km umumiy foydalanishdagi yo‘l hamda 231 ta ko‘prikni qurish va ta’mirlash, 13 ming km tuproq ko‘chalarga shag‘al yotqizish, 400 km sement qoplamali yo‘llar qurish, magistrallar bo‘yida 72 ta servis majmuasi tashkil etish rejalashtirilgan.

Yangi loyihalarni belgilashda yo‘llarning hozirgi holati va qatnov darajasiga e’tibor qaratilmoqda. Hozirda xalqaro moliya tashkilotlari bilan hamkorlikda 1 200 km yo‘lni rekonstruksiya qilish bo‘yicha 6 ta yirik loyiha amalga oshirilmoqda.

Yana 4 ta loyiha — To‘rtko‘l va Beruniy shaharlarini aylanib o‘tuvchi A-380 magistralini rekonstruksiya qilish, Qoraqalpog‘iston va Xorazmda 516 km mahalliy yo‘llarni to‘la ta’mirlash, Termiz-Denov hamda Sirdaryo-Baxt oralig‘idagi yo‘llarni sement-beton qoplamali qilib qurish ko‘zda tutilgan.

Bu loyihalarga OTB, Jahon banki, Islom taraqqiyot banki va OIIB mablag‘lari yo‘naltiriladi. Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Jamshid Tursunov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida mazkur banklar ishtirokida loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqilganini ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, Qoraqalpog‘istondagi 92 km, Sirdaryodagi 37 km, Buxorodagi 150 km hamda Surxondaryodagi M41 avtomobil yo‘lining 97 km uzunlikdagi qismini rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan.

Shuningdek, yil yakunigacha 13 ming km uzunlikdagi tuproq qomlamali avtomobil yo‘llarini qattiq qoplamaga o‘tkazish bo‘yicha topshiriq berildi.

avtomobil yo‘llari, prezident, rekonstruksiya, yo‘l qurilishi, yo‘l xo‘jaligi

Tursunov bugungi kunda faqat Qamchiq dovonidagi magistral yo‘lida og‘ir vaznli avtomobillarni o‘lchash tarozisi mavjudligini ta’kidladi. Qolgan yo‘llarda ham nazorat tarozilarini o‘rnatish hamda inson omilisiz ishlashi uchun aniq talablarni belgilash bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Davlat rahbari eng muhim masala yo‘llarni sifatli saqlash ekanini ta’kidladi. Yo‘l bo‘ylarida infratuzilmani rivojlantirib, aholiga qulayliklar yaratish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Qamchiq dovonida statsionar nazorat posti ishga tushirilgan. Buni yuk tashish oqimi yuqori bo‘lgan boshqa yo‘llarda ham tashkil qilish zarurligi qayd etildi.

2007-yilda qabul qilingan “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida"gi qonun hozirgi zamon talablariga javob bermasligi, so‘nggi yillardagi islohotlar, bugungi dolzarb masalalar unda keltirilmaganligi ta’kidlandi. Qonun yangi tahrirda ishlab chiqilmoqda.

Unda “avtomobil yo‘llarini rejalashtirish” mexanizmini joriy etib, yo‘l infratuzilmasini aholi va iqtisodiyotning o‘sib borayotgan ehtiyojlariga mos ravishda rivojlantirish nazarda tutilmoqda.

Yo‘llarni loyihalashtirishda aholi fikri va atrof-muhitga ta’sirini inobatga olish hamda piyodalar uchun to‘siqsiz muhitni yaratish bo‘yicha qat’iy talablar belgilanadi. Kommunikatsiya tarmog‘ini qurishda yo‘lning avvalgi holatini tiklash xarajatlarini qoplash sharti kiritilmoqda.

Shuningdek, pulli yo‘llarning huquqiy asoslari, ajratilgan va yo‘l bo‘yi mintaqalarida servis binolarini joylashtirishga oid talablar belgilanmoqda. Yo‘llarda katta hajmli va og‘ir vaznli transport vositalarining harakatlanishi tartibga solinmoqda.

Taqdimotda mutasaddilar muqobil yo‘llar qurish bo‘yicha xususiy sheriklik loyihalari yuzasidan ham hisobot berdi.

Avvalroq Spot Toshkent shahar hokimligi fuqarolardan noto‘g‘ri yo‘l ta’mirlash holatlari bo‘yicha xabar berishni so‘ragani haqida yozgandi. Hokimlik faollarni yo‘llarni o‘zboshimchalik bilan yamashdan tiyilishga, noto‘g‘ri qilingan ishlarning bartaraf etilishini kuzatib borishga chaqirdi.