UzAuto Motors Chevrolet Damas va Labo avtomobillarini ishlab chiqarishni to‘xtatishni rejalashtirmayapti. Bu haqda avtomobil ishlab chiqaruvchisi matbuot xizmati Spot’ga ma’lum qildi.

“Damas va Labo modellarini ishlab chiqarishni to‘xtatish hozirda ko‘rib chiqilmayapti. Mahsulotlar qatorida o‘zgarishlar bo‘lsa, rasmiy manbalarimizda oldindan xabar beramiz”, — deyiladi xabarda.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning yanvar-mart oylarida Damas ishlab chiqarish qariyb 18% ga oshib, 22,4 ming donadan ortiqni tashkil etdi. Joriy yilning dastlabki to‘rt oyi yakunlariga ko‘ra, avtomobil sotuvlar bo‘yicha ikkinchi o‘rinni egalladi — 19,15 mingdan ortiq yengil avtomobil.

May oyi boshida Shavkat Mirziyoyev UzAuto Motors Xorazmdagi Damas ishlab chiqarish zavodida arzon minivenlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishini ma’lum qildi. Undan keyin ijtimoiy tarmoqlarda minivenning yangi modeli Damas va Labo o‘rnini bosishi mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi.

Loyiha doirasida 2026-yilda yirik uzelli yig‘ishni (SKD) boshlash, 2027-yildan to‘liq siklga o‘tish rejalashtirilgan. Loyiha qiymati $100 mlnni tashkil etib, uning doirasida Yevro-5 ekologik standartiga javob beruvchi 7 o‘ringa mo‘ljallangan avtomobil ishlab chiqariladi.

Ushbu xabarlar fonida ijtimoiy tarmoqlarda 7 kishiga mo‘ljallangan va 640 kg gacha yuk ko‘tara oladigan yangi miniven — Chevrolet N400 Passenger modeli haqida xabarlar tarqaldi. UzAuto Motors matbuot xizmati Spot so‘roviga javoban bu bo‘yicha izoh berdi.

“Yangi model maqsadli iste’molchilarning istaklari asosida tanlanadi. Hozirda avtomobillarning potensial modellari o‘rganilib, texnik xususiyatlarining mahalliy ekspluatatsiya sharoitlariga mosligi, ishonchliligi va qulayligiga e’tibor qaratilmoqda”, — deyiladi bayonotda.

Shuningdek, kompaniya O‘zbekistonda avtomobil ishlab chiqarilishi haqidagi rasmiy ma’lumotlar ushbu mezonlarga javob beruvchi model aniqlanib, tasdiqlangandan keyin e’lon qilinishini bildirdi.

Avvalroq uch oyda xorijdan O‘zbekistonga 7 mingdan kam avtomobil olib kirilgani haqida xabar berilgandi.