Strategik islohotlar agentligi ijtimoiy tarmoqlarda pensiya tizimini xususiylashtirish rejalashtirilayotgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi.
Agentlik bu mazmundagi xabarlar asossiz ekanligini qayd etib, pensiya tizimiga xususiy sektorni jalb qilish taklifi davlat ishtirokidagi pensiya fondini bekor qilishni nazarda tutmasligini ma’lum qildi.
“Bu masala xalqaro ekspertlar tomonidan pensiya tizimini isloh qilish yuzasidan taklif etilgan bir qator tavsiyalardan biri bo‘lib, hozirda ushbu takliflar agentlik va boshqa tegishli idoralar tomonidan o‘rganilmoqda”, deyiladi xabarda.
Shu bilan birga, pensiya tizimiga oid har qanday o‘zgarishlar xalqaro tajriba tahlili, aholi fikri va ehtiyojlarini chuqur o‘rganish asosida shakllantiriladi. Bunda barcha tashabbuslar jamiyatning ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga qaratiladi.
Xalqaro maslahatchilar kengashi O‘zbekistonda pensiya tizimini qayta ko‘rib chiqish va buning uchun 6 ta yo‘nalishdagi 5 ta qonunni qabul qilishni taklif qilgandi. Bular qatorida “sug‘urta staji"ni joriy etish, pensiya bo‘yicha xizmatlarni to‘liq raqamlashtirish hamda xususiy pensiya jamg‘armalarini tashkil etish bor.
Avvalroq senatorlar pensiya yoshiga yetgan fuqarolarga pensiyani ularning alohida murojaatisiz proaktiv shaklda tayinlash tartibini belgilovchi qonunni ma’qullagani haqida xabar berilgandi.