Prezident topshirig‘iga muvofiq ma’muriy jazolar tizimiga yangi — “ma'muriy ogohlantirish” ta’sir chorasini kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Loyihaga ko‘ra, yo‘l harakati qoidalarini buzish bilan bog‘liq ayrim yengil turdagi huquqbuzarliklarni birinchi marta sodir etgan shaxslarga DPX inspektori tomonidan ogohlantirish beriladi.

Qayd etilishicha, ogohlantirish bir yil ichida faqat bir marotaba berilishi mumkin.

Shuningdek, qarorga muvofiq, IIV tomonidan 2025-yil yakuniga qadar chorraha va yo‘llardagi barcha maxsus texnika vositalari to‘liq xatlovdan o‘tkaziladi.

Xatlov natijalari bo‘yicha o‘zboshimchalik bilan yoki belgilangan tartibga rioya etmagan holda o‘rnatilgan, texnik va standart talablariga javob bermaydigan texnika vositalari demontaj qilinadi.

Haydovchilar tomonidan tezlikni oshirish holatlari ko‘plab kuzatilayotgan hududlarda avtomashinalarning ayni vaqtdagi tezligini ko‘rsatib ogohlantiruvchi elektron tablolar o‘rnatiladi.

Tadbirkorlarning maxsus texnika vositalaridan foydalanishda shaxsga doir ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlash, suiiste’molchiliklarning oldini olish choralari ko‘riladi.


Avvalroq Spot yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun jarima ballari tasdiqlangani haqida yozgandi.

Hukumat qarori bilan qoidabuzarliklarni jarima ballari asosida baholash va hisoblash jadvali hamda haydovchilarning murojaatini qabul qilish tartibi belgilandi. Hujjat 1-iyundan kuchga kiradi.

Haydovchilarga jarima ballarini hisoblash uchun E-jarimaball moduli ishlab chiqiladi. To‘plangan ballar haqida ularga SMS-xabar orqali ogohlantirish berib boriladi: