Xitoyning Dongfeng kompaniyasi Surxondaryo viloyatida zamonaviy avtomobil zavodi qurishni taklif qildi, deya xabar berdi viloyat hokimligi matbuot xizmati.
16-may kuni Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Dongfeng Liuzhou Motor kompaniyasi — Dongfeng Motor Group sho‘ba korxonasining Sindao avtomobil tadqiqot instituti direktori o‘rinbosari Fu Xao boshchiligidagi delegatsiyasini qabul qildi.
Tomonlar loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini chuqur o‘rganish va uni amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qilish uchun mutaxassislar ishtirokida kengaytirilgan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazishga kelishib oldilar.
Viloyat hokimligi tomonidan e’lon qilingan suratlarga ko‘ra, Xitoy kompaniyasi elektr furgonlar, mini yuk mashinalari va ko‘p maqsadli transport vositalarining (MPV) bir nechta modellarini taqdim etgan.
Yanvar oyida Asaka Motors zavodida Wuling N111 minivenini ishlab chiqarish boshlandi. Yetti o‘rindiqli avtomobil Xitoyda 2012-yildan beri Sunshine nomi bilan ishlab chiqarilmoqda.
May oyi boshida Shavkat Mirziyoyev Xorazmdagi Khorezm Auto zavodida “bozorda katta talabga ega arzon” miniven ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qildi. Loyiha $100 mln hisobiga amalga oshirilib, uning doirasida Yevro-5 standartidagi 7 o‘ringa mo‘ljallangan avtomobillar ishlab chiqariladi.
Prezident mutasaddilarga joriy yilda hamkorlar bilan muzokarani yakunlab, 2026-yilda yirik uzelli yig‘ish (SKD) usulida ishlab chiqarishni boshlashni topshirdi. Shuningdek, 2027-yilda ishlab chiqarishni to‘liq siklga o‘tkazish hamda mahalliylashtirishni 50% ga olib chiqish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Avvalroq Spot aprel oyida O‘zbekistonda yengil avtomobillar savdosi 20%ga o‘sgani haqida yozgandi.
O‘tgan oyda mahalliy va xorijiy avtomobillar sotuvi oshgan bo‘lsa, elektromobillar sotuvi esa biroz pasaygan.