Yana ikkita kompaniya Umra tadbirlarini tashkil etish uchun litsenziya oldi. Bu haqda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yilning mart oyida qo‘mita tomonidan Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish faoliyatini amalga oshirish uchun yakka tartibdagi litsenziya berish bo‘yicha tanlov tashkil etilgandi.
Tanlov komissiyasi tomonidan nomzodlar ko‘rib chiqilib, Toshkent shahridagi Centrum Holidays hamda Buxoro viloyatidagi Buxoro Umra Jamiyati korxonalari tanlov g‘olibi deb topilib, ularga tegishli litsenziya berildi.
Hozirda Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish faoliyati uchun litsenziyaga ega bo‘lgan kompaniyalar soni 14 taga yetdi. Ularning ro‘yxati bilan bu yerda tanishish mumkin.
O‘zbekistonda Umra tadbirlarini tashkil etish
2024-yilning iyun oyida qabul qilingan qaror bilan “Umra” ziyorati bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish litsenziyalanadigan faoliyatning alohida turi sifatida belgilandi. Litsenziya berish vakolati esa Turizm qo‘mitasidan Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga berildi.
Sentabr oyida qo‘mita mazkur tadbirlarni tashkil etayotgan turoperatorlarga ogohlantirish bilan chiqib, yangi talablar 5-oktabrdan kuchga kirishini, turoperatorlar litsenziyalari mazkur sanagacha amalga qilishini qayd etdi.
Undan keyin, 12-oktabrga kelib, hukumatning tegishli qarori qabul qilindi. Unda turistik tashkilotlar mazkur xizmatlar uchun yangi talablar asosida litsenziya olishlari kerakligi belgilandi.
15-oktabr kuni qo‘mita yangi talablar asosida litsenziya olish uchun arizalar qabulini e’lon qildi. Noyabr oyida, tanlov natijasida “Umra” ziyoratini tashkil etish va o‘tkazish faoliyatini amalga oshirish uchun 12ta turoperatorga litsenziya berildi.
Spot litsenziya olishdagi yangi talablar yuzasidan bir qator turoperatorlar bilan suhbatlashib, bu qanday qiyinchiliklarga olib kelgani, narxlarga qanday ta’sir qilishi hamda kelgusida kutilayotgan natijalar haqida fikrlarini o‘rgangandi.
Avvalroq Raqobat qo‘mitasi 2024-yilda hamda joriy yilning o‘tgan davrida litsenziya va ruxsatnomasiz Umra xizmatlari reklamalari uchun 27 ta turoperatorni jarimaga tortgani haqida xabar berilgandi.