Ish va shaxsiy hayot o‘rtasidagi muvozanatni saqlash uchun tadbirkorlar, top-menejerlar o‘z ta’tillariga bo‘lgan munosabatlarini qayta ko‘rib chiqmoqdalar. OfficeTeam kompaniyasi o‘tkazgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, rahbarlarning 76%i ta’tilda bo‘lganida ham qisman ishlarini davom ettiradilar, 33%i esa ofisdan tashqarida bo‘lgan vaqtlarida ham har kuni ishlaydilar. Ko‘rinib turibdiki, bunday ta’tildan keyin hamma ham “yangilanish” hissini tuya olmaydi. Sababi oddiy: rahbarlar aslida dam olishmagan, shunchaki joylarini o‘zgartirishgan bo‘ladi, xolos.
Bugungi kunda boshqaruv madaniyati haqida ko‘p gapirilmoqda — unda ta’til xuddi strategik sessiya kabi puxta rejalashtiriladi. Bu san’atga aylanib bormoqda, endilikda top-menejerlar, tadbirkorlar raqamli detoksning shunchaki trend emas, balki zaruriyat ekanligini anglab yetmoqdalar. Bu diqqatni nazorat qilish va chinakamiga dam olishning bir usulidir.
Spot biznes vakillari bilan suhbatlashib, ularning haqiqatan ham to‘liq dam olish imkoniyatlari, o‘zlari yo‘qligida jamoaning qanday ishlashi, shuningdek, ta’tilda raqamli detoksning qanchalik muhimligi haqidagi fikrlarini o‘rgandi.
Roman Sayfulin,
The Choyxona, The Bani Telman asoschisi.
Ta’tilga o‘zim xohlaganchalik tez-tez chiqolmayman. Yiliga kamida bir marta yangi yil ta’tili paytlarida oilam bilan dam olishga chiqishim mumkin. Yosh bolalarim borligi sababli dengiz bo‘yida dam olishni ma’qul ko‘raman, lekin ro‘yxatimni akvapark, safari, suv sporti hamda attraksion bog‘lari bilan boyitishga harakat qilaman. Yil davomidagi barcha asabiyliklardan so‘ng, shunchaki yotib dam olgim keladi.
Ammo ba’zida ish safarlari paytida dam olish uchun bir kun ajratishga — yangi shaharlar va infratuzilma inshootlarini ko‘rishga muvaffaq bo‘laman.
To‘g‘risini aytganda, to‘liq raqamli detoks g‘oyasini qo‘llab-quvvatlamayman, garchi u zarur bo‘lishi mumkin bo‘lsa-da. Qisman detoksning tarafdoriman, chunki o‘zim menga zarur bo‘lgan kishilar bilan ayniqsa, masala shoshilinch bo‘lsa “gaplasha olmaganimda” jahlim chiqadi. Ish bu ish, dunyo sening dam olish paytingda to‘xtab qolmaydi. Nazarimda, faqat mas’uliyatsiz kishilargina o‘zlariga bog‘liq bo‘lgan masalalar borligini bila turib, to‘liq detoksga ketadilar. Texnik jihatdan imkon bo‘lgan taqdirda, doimo aloqada bo‘lishga intilaman.
Yaqinda katta qizim butun oilamizning telefon hamda gadjetlarini yig‘ib olib, muloqot kuni qilishni talab qildi. 8 yoshidayoq uning shunday istagi bor va hozircha buni talab qila oladi. Bu men uchun juda muhim.
Qayta “tiklanishim” uchun qancha kun kerakligini yaxshi bilaman. Dastlabki uch kunda miyam dam olish holatiga o‘tadi, yana 6−7 kun esa to‘liq dam olishim uchun zarur bo‘ladi. Jami 9−10 kun — bu dam olish uchun eng maqbul muddat hisoblanadi. Agar ta’tilni yiliga 2−3 marta bo‘lib olish imkoniyati bo‘lsa, 30 kunlik damni bir yo‘la oladigan odamlarni tushunmayman. Ta’til paytida qandaydir rejalar va vazifalarni chuqur o‘ylab chiqish, qaytgach esa ularni tezda amalga oshirishga tayyor bo‘lish imkoniyati bo‘ladi.
Ta’tilga ketayotganim haqida jamoani xabardor qilmaslikka harakat qilaman. Sababi, jarayonlar yo‘lga qo‘yilgan hamda har bir obyektda boshqaruvchi mavjud.
Bolalar kichkina paytda xotirjam dam olish faqat orzudek tuyuladi. Ular juda faol, bu shubhasiz ajoyib hamda to‘g‘ri holdir. Menga bu ma’qul, chunki ishim sabab bolalarim bilan o‘tkaza olmagan vaqtni qoplab olayapman.
Murodilla Alimbayev,
Iman chocolate and fruits asoschisi.
Ishdan uzoqlashib dam olishim uchun 3 kun yetarli. Undan uzoq muddatda zerikishni boshlayman. Odatda har yakshanba dam olishga harakat qilaman. Bu vaqtda futbol o‘ynayman, bundan tashqari, hafta o‘rtalarida yugurishga ham chiqaman. Men uchun sport bilan shug‘ullanish aslida dam olish degani. Jismoniy mashqlar paytlari ishdan biroz bo‘lsa ham uzoqlashgandek bo‘laman.
Dam olish kunlari telefondan ba’zi hollarda foydalanaman: odatda ta’til vaqtlarida xodimlar meni ish yuzasidan ko‘p ham bezovta qilmaslik kerakligini yaxshi bilishadi. Biroq ota-onam, yaqinlarim bilan doim aloqada bo‘laman.
Yil davomida esa bir marta ta’tilga chiqaman. Bu paytlar dunyo bo‘ylab shokoladlar biznesi yaxshi rivojlangan davlatlarga sayohat qilib, tajriba orttirishga harakat qilaman: hordiq ham olaman, ishimni ham davom ettiraman.
Ta’tilga chiqayotganimni hech kimga aytmay ketaman. Ketishdan avval esa qolgan ishlarimni bitirib ketishga, ish yo‘q bo‘lgan paytim ham davom etishi uchun kerakli mahsulotlarga avvaldan buyurtmalar berib hammasini tayyorlab qo‘yaman. Xodimlar esa o‘z vazifalarini yaxshi bilishadi va men ta’tilda bo‘lgan kezlarim ham ish davom etaveradi.
Anastasiya Li,
Dbla studiyasining hammuassisi va ijrochi produseri.
Menda “ta'til” degan qat’iy tushuncha yo‘q. Bu kundalik ishlar haqida emas, chunki mening har kuni birdek qaytariladigan ishlarim yo‘q. Istalgan paytda bir necha kunga boshqa joyga borib kelishim, boshqa faoliyatga o‘tishim yoki sayohatga chiqib kelishim mumkin. Bu har doim zavq olish haqida, uning shakli esa kayfiyatimga bog‘liq.
Raqamli detoks — bu berkinish emas, balki e’tiborni oqilona boshqarishdir. Raqamli muhit — bu shunchaki vosita. Agar hozir uchun menga jonli his-tuyg‘ular muhim bo‘lsa, shu lahzada yashayman, telefon bunga xalaqit bermaydi. Agar biror manzarani suratga tushirmoqchi yoki muhim qo‘ng‘iroqqa javob bermoqchi bo‘lsam — buni amalga oshiraman. Shuning uchun ongli detoks tarafdoriman — bu maqsad emas, balki o‘z-o‘zi bilan uyg‘unlikda yashash usulidir.
Odatlarim, shunchaki ijtimoiy tarmoqlar lentasida bekorga vaqt o‘tkazmaslik, pochtani “avtomat ravishda” tekshirmaslik, hozir vaqti bo‘lmasa, bildirishnomalarga e’tibor bermaslik. Bularning barchasi oddiy bir savol bilan hal qilinadi: “Bu hozir men uchun rostdan ham muhimmi?”.
Men ish jarayonlarini shunday tashkil qilamanki, istalgan paytda hech narsaning buzilishidan xavotirlanmasdan chiqib ketish mumkin bo‘lsin. Bu tuzilma va ishonch masalasidir. Jamoaga vakolatlar berib, mustaqillik taqdim etaman. Hamma narsani nazorat qilishga xohishim yo‘q — men birga ishlaydigan odamlarga ishonaman va ular qaror qabul qilishni bilishadi. Agar jamoa mensiz ishlay olmasa, demak, nimanidir noto‘g‘ri qilayotgan bo‘laman. Yaxshi jamoa jarayondan manfaatdor bo‘lgani uchun ishlaydi, uning ortida kimdir bayroq ko‘tarib turgani uchun emas. Menga doimo qanday aloqaga chiqishni biladigan bir-ikki kishi bor, ular haqiqatan zarur bo‘lganda meni topa olishadi.
Hayotiy maslahat — ta’tilni “ta'til” deb hisoblamaslik kerak. Bu shunchaki boshqa muhit, boshqa e’tibor nuqtasi, ammo sen o‘zligingcha qolasan. Agar ongli ravishda va har bir lahzada yashashni bilsang, bir holatdan boshqasiga sun’iy ravishda qochishga ehtiyoj sezmayman.
Farangiz Po‘latova,
Signora by Shateni brendi asoschisi.
Tadbirkorlik tavakkalchilik hamda mas’uliyat bilan bog‘liq, shuning uchun har lahzada tanaffus qilish mushkul. Agar hamma narsa yaxshi ketayotgan bo‘lsa, unda dam olish haqidagi “qarorim” ishdan dam olishga o‘tishim uchun yetarli.
Har safar tanam buni talab qilayotganini his qilganimda o‘zimga dam berishga harakat qilaman. Agar o‘z vaqtida bunday qilinmasa ish samaradorligi va unumdorligi, shuningdek, boshqa barcha sohalarda muvozanatni teng ushlab qolish qiyin bo‘ladi. Menga yoga bilan shug‘ullanish, rasm chizish, sevimli adabiyot mutolaasi yoki shunchaki uyqu ishdan biroz uzoqlashib dam olishimga yordam beradi.
Raqamli detoks bizning ishimizda juda muhim. Aks holda, odam o‘z ijodidan tezda charchaydi. Ijtimoiy tarmoqlardan vaqtinchalik detoks olish bizga ko‘proq energiya, ilhom hamda ishtiyoq bilan ishga qaytishimizga yordam beradi.
Ish jarayoni shunday tashkillashtirilganki, men ta’tilda bo‘lsam ham xodimlarim xuddi shunday samarali ishlashni davom etaverishadi. Bunga erishish uchun biznesingizni tizimlashtirish va rejalashtirish muhim hisoblanadi.
Arsen Dlyanchev,
Unique Present Media Holding va YBC biznes-klubining asoschisi.
Menda “ta'til” haqida an’anaviy tushuncha yo‘q, chunki ishim va sayohatlarim bir-biri bilan chambarchas bog‘langan. O‘rtacha hisobda O‘zbekistonda yil davomida 6 oycha bo‘lmayman. Sayohatlarimning esa turli shakllari mavjud:
- jamoa va hamkasblar bilan;
- do‘stlar, masalan, Skolkovo bitiruvchilari bilan;
- Yard Business Club biznes-klubi bilan;
- oilaviy;
- ota-onam bilan;
- turmush o‘rtog‘im bilan.
Faol dam olishni: yangi mamlakatlarni, ekskursiyalar hamda yorqin taassurotlarni yaxshi ko‘raman. Plyajda dam olish menga unchalik mos kelmaydi, lekin bolalar bilan sayohat qilganda, boshqa imkoniyatlar ko‘p emas. Turmush o‘rtog‘im bilan har uch oyda bir marta birgalikda dam olishga harakat qilamiz.
Mening raqamli detoksim aslida doimiy: uyda 10−15 yildan buyon kompyuter yo‘q, uyga kirishim bilanoq telefonni ovozsiz rejimga o‘tkazaman, shuningdek, kechki soat 7−8 dan keyin ish yuzasidan qilingan qo‘ng‘iroqlarga javob bermayman.
Ta’til paytida ish joyimda bo‘lmayman, shuning uchun shoshilinch masalalarni hal qilishimga to‘g‘ri kelmaydi. Agar ota-onam bilan sayohatga chiqsam, ular bilan samarali vaqt o‘tkazish uchun ishdan butunlay chetlashaman. Agar bu oddiy safar bo‘lsa, Telegram’dagi xabarlarni tekshirishim mumkin, lekin qo‘ng‘iroqlarga javob bermayman.
Zamonaviy hayot sur’ati juda tez, shuning uchun uzoq vaqt undan uzilish doim ham imkonsiz. Biroq, yilda bir marta, odatda 10 kunlik avtomobil sayohatlarida, to‘liq detoks qilaman. Bunday safarlarda telefon faqat uyqudan oldin muhim xabarlarga javob berish uchungina qo‘lga olinadi. Avstraliya, Turkiya, Qozog‘iston, Pomir va Tojikiston bo‘ylab avtomobilda sayohat qilganmiz — bu e’tiborni butunlay boshqa narsaga qaratishga yordam beradi.
Favqulodda aloqa — oilamdir. Faqat yaqinlarim kecha-yu kunduz — istalgan paytda meni topa oladilar. Jamoam xizmat safarlarim haqida oldindan xabardor bo‘lishadi. Jo‘nashdan oldin barcha hal etilmagan masalalarni yopishga intilaman. Menimcha, jamoa yo‘q paytimda yaxshiroq ishlaydi. Biroq kimgadir chindan ham zarurat tug‘ilsa, u qayta murojaat qilib, men bilan bog‘lanishning yo‘lini topadi.
Nuriddin Lafizov,
CEO Alif Uzbekistan.
Odatda yiliga 1−2 marta ta’til olishga harakat qilaman. Ko‘pincha bu faol dam olish bo‘lib, oilaviy sayohatlar, sayrlar va ekskursiyalardan iborat. Bu vaqtni bolalarim bilan o‘tkazishim, ish yumushlaridan chalg‘ishim va shunchaki “hozir va shu yerda” bo‘lishim juda muhim.
Raqamli detoks raqamli dunyodan butunlay uzilish emas, balki uni oqilona cheklash usulidir. Ishga ketadigan kuchimni kamaytiraman, ortiqcha bildirishnomalarni olib tashlayman, har bir xabarga e’tibor bermaslikka harakat qilaman. Bu reallik bilan aloqani yo‘qotmagan holda dam olishga diqqatimni qaratishimga yordam beradi.
Shu sababli men qisman detoksni ma’qullayman. Butunlay g‘oyib bo‘lish, ayniqsa, biznes va jamoa oldida mas’uliyatingiz bo‘lganda, mushkul. Biroq, doimo messenjerlarda bo‘lish ham to‘g‘ri yechim emas. Muhimi, shunday muvozanatni topish kerakki, bunda muhim vaziyatlarda siz bog‘lanish imkoniyatini saqlab qolasiz, ammo kundalik mayda-chuyda ishlarga qayta sho‘ng‘ib ketmaysiz.
Odatda Telegram faqat jamoa hamda yaqinlar bilan aloqa vositasi hisoblanadi. Barcha ishga oid xabarlar, keraksiz kanallarni o‘chirib qo‘yaman. Men uchun haqiqatan ham shoshilinch vaziyat yuzaga kelganda bog‘lanish imkoniyati bo‘lishi muhim. Ta’tilda telefonimdan asosan rasmga olish, to‘lov qilish va oilam bilan aloqada bo‘lish uchun foydalanaman. Ba’zida hammasi joyidami-yo‘qmi tekshirish uchun ma’lum vaqtlarni belgilab olaman — va shu bilan cheklanaman.
O‘z qoidalarimga rioya qilganimda, haqiqatan ham dam olishga erishaman. Bunday ta’til qayta kuch to‘plashga yordam beradi. Shundan so‘ng energiyam tiklanayotganini, qarorlarimda aniqlik paydo bo‘layotganini va yangi g‘oyalar tug‘ilayotganini sezaman. Bu bevosita mehnat samaradorligiga ta’sir ko‘rsatadi.
Ta’tildan oldin barcha muhim masalalarni hal qilishga, vazifalarni taqsimlashga va hamkasblarim hamda hamkorlarimni ogohlantirishga harakat qilaman. Avtomatik javoblarni oldindan tayyorlab, ishda bo‘lmaydigan vaqtimni aniqlayman. Shuningdek, asosiy xodimlar o‘rtasida javobgarlik hududlarini taqsimlayman, mumkin bo‘lgan ssenariylar va yechimlarni muhokama qilaman. Jamoaga har bir mayda masala uchun meni bezovta qilmay, mustaqil harakat qilish imkoniyatini beraman. Bu usul samarali ishlaydi va jamoa a’zolarining o‘zlariga bo‘lgan ishonchini oshiradi.
Jamoa juda yaxshi ishlamoqda, u yetuk va mustaqil. Xodimlar ko‘pincha mening aralashuvimsiz ajoyib yechimlar topishadi. Bu yo‘qligimda ham hamma narsa to‘g‘ri ishlayotganiga ishonch uyg‘otadi — demak, biz jarayonlarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘ymoqdamiz.