2025-yil 30-iyundan boshlab Rossiyada Rossiya vizasi talab qilinmaydigan fuqarolar uchun mamlakatga kirishning yangi qoidalari amal qila boshlaydi.

Belarus fuqarolari va olti yoshgacha bo‘lgan bolalar bundan mustasno. Rossiyaga kirish uchun xorijliklar maxsus QR-kod olishlari kerak bo‘ladi.

Kirishning yangi qoidalari Ozarbayjon, Armaniston, Gruziya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldova, Ukraina, Tojikiston, O‘zbekiston, shuningdek, Rossiya vizasiz rejim to‘g‘risida bitim tuzgan boshqa davlatlar fuqarolariga taalluqlidir.

Rossiyaga kirishning yangi shartlarini joriy etish 2024-yil 1-dekabrdan boshlandi. Shu kundan boshlab xorijliklar Rossiyaga Sheremetevo, Domodedovo, Vnukovo, Jukovskiy aeroportlari yoki Orenburg viloyatidagi Mashtakovo avtomobil o‘tkazish punkti orqali kelgach, majburiy tartibda biometriya (yuz surati va barmoq izlari) topshirishlari kerak.

30-iyundan kuchga kiradigan yangi choraga ko‘ra, Rossiyaga vizasiz kiradigan xorijliklar kirishdan oldin quyidagilarni amalga oshirishlari kerak bo‘ladi:

  • Davlat xizmatlari portalining Gosuslugi RuID mobil ilovasidan foydalangan holda ro‘yxatdan o‘tish;
  • shaxsiy kabinet yaratish;
  • Gosuslugi RuID’ga o‘z fotosuratlari va shaxsiy ma’lumotlarini yuklash;
  • Rossiyaga rejalashtirilgan kirishdan kamida 72 soat oldin ilovada Rossiyaga kirish va u yerda bo‘lishning taxminiy muddatlari haqidagi arizani to‘ldirish lozim.

Agar chet ellik favqulodda vaziyat (kasallik yoki qarindoshining o‘limi) tufayli zudlik bilan Rossiyaga kelishi kerak bo‘lsa, arizani rejalashtirilgan kirishdan kamida to‘rt soat oldin to‘ldirishga ruxsat beriladi.

Ariza Gosuslugi RuID ilovasida to‘ldirilgan kundan boshlab 90 kun davomida amal qiladi. Agar bu muddat o‘tib ketgan bo‘lsa-yu, chet el fuqarosi Rossiyaga kirmagan bo‘lsa, u holda arizani qaytadan to‘ldirishga to‘g‘ri keladi.

Voyaga yetmagan (muomalaga layoqatsiz) chet el fuqarosining kirish to‘g‘risidagi arizasini uning ota-onasi (yoki farzandlikka oluvchisi yoki vasiysi) to‘ldiradi.

Bunda, arizani faqat uning qonuniy vakillarining Rossiyaga kirish uchun amaldagi arizasi mavjud bo‘lgan taqdirdagina to‘ldirish mumkin.

Xorijiy fuqaroning Davlat xizmatlari portalidagi shaxsiy kabinetida quyidagilar mavjud bo‘ladi:

  • kirish to‘g‘risidagi ariza qabul qilinganligi, uni qabul qilish rad etilganligi yoki ma’lumotlarni tuzatish zarurligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
  • Rossiyaga kirishni taqiqlash to‘g‘risidagi qarorlarning mavjudligi yoki yo‘qligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar.

Ilova chet el fuqarolariga xizmatlarni onlayn shaklda olish (masalan, IIVga yozilish, tibbiy sug‘urta rasmiylashtirish va hokazo), rejalashtirilgan sayohatlar haqida ma’lumot berish, shuningdek pasport yoki shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjat bilan birga QR-kod ko‘rinishida pasport ma’lumotlari va sayohat tafsilotlarini taqdim etish imkoniyatini yaratadi.

Aprel oyi oxirida Rossiyada migrantlar uchun maqomlarini qonuniylashtirish muddati 10-sentabrgacha uzaytirildi.

Mazkur muddatgacha Rossiyada noqonuniy bo‘lib turgan chet el fuqarolari o‘zlarining huquqiy maqomini tartibga solishi yoki mamlakatni tark etishi kerak.

Bundan oldin joriy yil 5-fevraldan boshlab migratsiya qonunchiligi sohasida huquqbuzarlik sodir etgan chet elliklar kiritiladigan nazorat ostidagi shaxslar reyestri ishga tushirildi. Ro‘yxatga kiritilgan migrantlar mamlakatni tark etishi yoki 30-aprelgacha Rossiya Ichki ishlar vazirligi orqali o‘z maqomini hal qilishi kerak edi.

O‘zbekiston elchixonasi fuqarolarni Rossiya Ichki ishlar vazirligi veb-saytida maqomni tekshirish va oqibatlarning oldini olish uchun qonuniylashtirish choralarini ko‘rishga chaqirdi.

Migratsiya siyosatini qattiqlashtirish

Ayni paytda Rossiya ichki migratsiya siyosatini kuchaytirmoqda. Masalan, mart oyida Rossiya Mehnat vazirligi o‘z mutaxassisligidan tashqari ishlayotgan mehnat muhojirlarini deportatsiya qilishni va ularni vaqtinchalik ishlash uchun maxsus hujjat olishga majburlashni taklif qilgan edi.

“Bundan tashqari, agar bunday xodim tashkiliy ishga qabul qilish ishtirokchisi bo‘lmagan boshqa korxonada ishlash istagini bildirsa, u 15 kun ichida Rossiya hududini tark etishi kerak”, deyiladi xabarda.

Aprel oyida Rossiya Ichki ishlar vazirligi migrantlarning yil davomida qolish muddatini 90 kungacha qisqartirishni taklif qilgan edi. Chet elliklar bo‘lish qonuniyligini elektron tasdiqlamasdan turib, ularning huquqlari cheklanishi mumkin.

Iyun oyida prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov 2016-yildan beri Rossiyadagi o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari soni to‘rt baravar kamayganini ta’kidlagan edi. U bir necha million o‘zbek fuqarolarining o‘z vataniga qaytishini “o‘tkazilayotgan iqtisodiy islohotlar samaradorligi” bilan izohlaydi.

Iyul oyida Rossiya Davlat dumasi mamlakatda bo‘lish uchun qonuniy asosga ega bo‘lmagan xorijiy fuqarolarni chiqarib yuborishning yangi tartibi to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi.

Sentabr oyida Moskva aeroportlarida 1-oktabrdan xorijliklar uchun qo‘shimcha tekshirish joriy etilishi haqida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, Domodedovo, shuningdek, Sheremetevo va Vnukovo aeroportlarida Rossiyaga kelish va jo‘nab ketishda chet elliklarni suratga va barmoq izlarini olish tartibi ishga tushiriladi.

Bundan tashqari, mehnat muhojirlariga oilalarini mamlakatga olib kelishni taqiqlovchi qonun loyihasi tayyorlanmoqda.

“Qarindoshlar va oilalarga kelsak, ular migrant kelgan mamlakatda kutishlari kerak”, dedi Rossiya Davlat Dumasi raisi Vyacheslav Volodin. “Bu yerga hammani tashishning hojati yo‘q”, deya qo‘shimcha qildi u.