16-may kuni prezident tomonidan imzolangan qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Xususan, Soliq kodeksiga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, pivo va pivo ichimlimklari, shuningdek, tamaki mahsulotlari bilan chakana savdo qilish huquqi uchun yig‘imlar yig‘im turlari jumlasiga kiritildi.

Pivo va tamaki mahsulotlari bilan chakana savdo qilishni boshlaganlik haqida vakolatli organ xabardor qilingani to‘g‘risidagi tasdiqnomaga ega bo‘lgan yuridik shaxs hamda YTTlar ushbu yig‘imlarning soliq to‘lovchilari deb e’tirof etiladi.

Shuningdek, pivo va pivo ichimliklari bilan chakana savdo qilish faoliyati soliq organlarini xabardor qilgan holda amalga oshiriladigan faoliyat turlari ro‘yxatiga kiritildi.

2027-yilgacha markirovkani o‘qish qurilmalarini sotib olish xarajatlari summasiga hisoblangan va to‘lanishi lozim bo‘lgan foyda solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq yoki YTTlar tomonidan to‘lanadigan JShODS summalarini kamaytirish huquqi beriladi.

Bu raqamli markirovkalangan mahsulotlar chakana savdosini amalga oshiruvchi tadbirkorlar uchun taqdim etilib, bitta qurilma uchun BHMning 4 baravaridan (1,5 mln so‘m) ko‘p bo‘lmagan miqdorda qo‘llaniladi.

Shuningdek, 2030-yilgacha parrandachilik mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi tadbirkorlar yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini to‘lashdan ozod etiladi. Bu parrandachilik mahsulotlarini sotmagan hamda yer uchastkalaridan belgilangan maqsadlarda foydalanmayotgan tadbirkorlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Bundan tashqari, 2027-yilgacha Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimidagi statsionar bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari quyidagi soliqlarni to‘lashdan ozod etiladi:

  • bino va inshootlarni, yer uchastkalarini ijaraga berishdan olinadigan daromadlari bo‘yicha — foyda solig‘ini;
  • ijaraga berilgan obyektlar va ular egallagan yer uchastkalari bo‘yicha — mol-mulk solig‘i hamda yer solig‘ini.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi. Mazkur qonun loyihasi Qonunchilik palatasi tomonidan yil boshida ko‘rib chiqilgandi. Senat tomonidan esa aprel oyida ma’qullangan.

Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev markirovka qurilmalari xarajatiga soliqlarni kamaytirish 41 mlrd so‘m mablag‘lar 42 ming nafar tadbirkorning ixtiyorida qolishini qayd etgandi. Tamaki va pivo mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanish huquqi uchun BHMning 10%i (37,5 ming so‘m) miqdorida oylik yig‘im esa budjetga 3 mlrd so‘mga yaqin mablag‘lar tushishini ta’minlaydi.

2024-yilning may oyida qabul qilingan majburiy raqamli markirovkalash jarayonlarini yaxshilashga qaratilgan prezident qarori bilan 2024-yilning 1-sentabridan pivo mahsulotlarining chakana savdosi faoliyati vakolatli organlarni xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyat turlari ro‘yxatiga kiritilishi belgilangandi.

Avvalroq olib qo‘yilgan yer uchastkalari uchun kompensatsiyalar soliqqa tortilmasligi haqida xabar berilgandi. Shu bilan birga, qonun loyihasi bilan yetkazilgan zarar to‘liq qoplangan taqdirda javobgarlikdan ozod qilish belgilanmoqda.