19-may kuni Shavkat Mirziyoyevga Toshkent metropolitenini rivojlantirish bo‘yicha rejadagi loyihalar yuzasidan axborot berildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Unda Yunusobod yo‘li Turkiston bekatigacha, Chilonzor yo‘li Sergeli tumanigacha uzaytirilgani, Do‘stlik bekatidan Sergeligacha bo‘lgan yerusti halqa yo‘li barpo etilgani poytaxtning Yunusobod, Yashnobod, Mirobod, Sergeli va Yangihayot tumanlarini bog‘lab, aholiga qulaylik yaratgani qayd etildi.
Endi metropolitenni Toshkent traktor zavodi dahasigacha olib borish rejalashtirilgan. Bu bo‘yicha o‘tgan avvalgi muhokamalarda prezident loyihani mablag‘ va qulaylik jihatidan maqbullashtirish vazifasini qo‘ygandi. Undan kelib chiqib, tayyorlangan yangi taklifga ko‘ra, loyihani ikki bosqichda amalga oshirish nazarda tutilmoqda.
Birinchi bosqichda Chilonzor yo‘lining Pushkin bekatidan Mirzo Ulug‘bek tumanining Feruza dahasigacha mavjud temir yo‘lga parallel ravishda yer yuzasi bo‘ylab metro yo‘li quriladi. Ikkinchi bosqichda u yerdan TTZ dahasi shoh bekatigacha yo‘nalish barpo etiladi.
Hozirgi kunda shu tomondan poytaxt markaziga bir kunda 47 mingta avtotransport, jami 194 mingta yo‘lovchi kirib keladi. Rejalashtirilgan yangi yo‘nalish 85 ming yo‘lovchini qamrab olishi kutilmoqda. Taqdimotda loyihaning texnik va amaliy jihatlari batafsil ko‘rib chiqildi.
2021-yilning noyabrida davlat rahbariga Toshkent metropolitenining Buyuk ipak yo‘li bekatidan TTZ dahasigacha yerosti yo‘li hamda yerusti halqa metrosining ikkinchi bosqichini amalga oshirish rejalalari taqdim etilgandi.
Unda yerosti yo‘lini Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi yoki Buyuk ipak yo‘li ko‘chasi orqali olib o‘tish, birinchi holatda yo‘l uzunligi 8,6 kmni, ikkinchi variantda 8 kkmni tashkil etishi belgilangandi.
Joriy yilning mart oyida Toshkent metropolitenining Chilonzor yo‘nalishini TTZ dahasigacha uzaytirish rejalari ma’lum qilindi. Yangi metro bekatlarining soni 10 tani tashkil etib, bu tarmoq 30 ta mahalla, 148 ming aholini qamrab oladi.
Transport vaziri Ilhom Mahkamovning qayd etishicha, loyiha Salar bekatidan Akusherlik va ginekologiya institutigacha elektropoyezd yo‘nalishi bo‘ylab (Shahriobod bekati orqali Ekobozor’gacha) 5,5 km uzunlikdagi yer usti metrosini qurishni nazarda tutadi. Bu yerusti metrosining birinchisi bo‘ladi. Avtomobil yo‘lini kesib o‘tgan to‘rtta joyda tunnellar qurish rejalashtirilgan. Pushkin metro bekatidan Salar temir yo‘l bekatigacha travolator orqali yopiq o‘tish joyi bo‘ladi.
Vazirning ta’kidlashicha, loyihani ishlab chiqish uchun xalqaro konsultantlarni jalb qilish ko‘zda tutilgan. Jarayon 1−1,5 oy davom etishi kutilmoqda. Keyinchalik yer usti liniyasi Ashxobod bog‘i orqali Kichik halqa yo‘li bo‘ylab Toshkent metro bekatigacha (Shimoliy vokzal) qo‘shimcha 4 km ga uzaytirilishi mumkin.
Avvalroq Samarqanddagi Shirin massivida 6 km uzunlikdagi yer usti metro yo‘li qurilishi haqida xabar berilgandi. Shu bilan birga, bu yerda 254 ta ko‘p qavatli uy-joylar va 19 ta ishbilarmonlik va biznes markazlarini barpo etish rejalashtirilgan.