Shavkat Mirziyoyev Budapeshtga rasmiy tashrifi doirasida 20-may kuni Vengriyaning yirik kompaniya va banklari rahbarlari bilan uchrashdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Vengriyaning OTP Bank, BDPST Group, 4iG, Indotek, MVM, Duna Group, MOL Group, H2O Consortium, Inpark, Wizz Air va boshqa ko‘plab kompaniyalarining top-menejerlari va ta’sischilari ishtirok etgan tadbirda mamlakatning O‘zbekiston iqtisodiyotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalari faol o‘sib borayotgani qayd etildi.

Unda Ipoteka-bankni sotib olgan OTP Bank kompaniyasining avtokreditlashni rivojlantirish uchun qo‘shma kompaniya tashkil etish, biznesni moliyalashtirish dasturini yo‘lga qo‘yish, yirik parrandachilik klasterini qurish bo‘yicha yangi rejalari qo‘llab-quvvatlandi.

Sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va ilg‘or texnologiyalar transferini rag‘batlantirish qaratilgan Toshkent viloyatida Yevropa kompaniyalari uchun tashkil etilayotgan maxsus sanoat zonasini boshqarish Vengriyaning Inpark operatoriga berilishi ma’lum qilindi.

Prezident iqtisodiy sheriklikni kengaytirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlarni ko‘rsatib o‘tdi. Bular qatorida qo‘shma loyihalarni birgalikda moliyalashtirish va tayyor mahsulotlarni uchinchi mamlakatlarning istiqbolli bozorlariga eksport qilishni qo‘llab-quvvatlash bor.

Transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish, xususan, yuk tashishni ko‘paytirish va ikki mamlakat o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi. Davlat rahbari Vengriya kompaniyalarining qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qiziqishini yuqori baholadi. Biznes vakillari esa hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha taklif va rejalarini bildirdi.

“Biz mamlakatlarimiz ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi mustahkam aloqalarni rivojlantirish uchun barcha sharoitlarni yaratamiz”, — dedi prezident.

Uchrashuvda transport va yo‘l infratuzilmasini modernizatsiya qilish, logistika markazlari va kommunal tarmoqlarni barpo etish, qurilish materiallari, tayyor to‘qimachilik, kimyo, farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish kabi yo‘nalishlarda yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Davlat rahbari bunday uchrashuvlarni muntazam o‘tkazib borishni taklif etdi. Tadbir yakunida ustuvor investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha bitimlar almashish marosimi bo‘ldi.

Vengriya kompaniyalari uchun O‘zbekistonda alohida sanoat zonasini tashkil etish rejalari 2022-yilning oktabrida ma’lum bo‘lgandi. 2023-yil boshida sobiq Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev qarori bilan maxsus sanoat zonasini Toshkentda joylashtirish hamda tibbiy asbob-uskunalar, elektronika va uning butlovchi qismlarini ishlab chiqarish belgilandi.

Joriy yilning aprel oyida Samarqanda o‘tkazilgan “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” birinchi sammitida Yevropa kompaniyalari uchun Mintaqaviy sanoat parki konsepsiyasi taqdimoti o‘tkazilishi kutilgandi.

Avvalroq Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi sanksiyalarni chetlab o‘tishga qarshi kurashni davom ettirishga kelishib olgani haqida xabar berilgandi.