Avvalroq 2025−2026 yillarda sayyohlar oqimi va turistik xizmatlar ko‘lamini kengaytirish orqali turizmning iqtisodiyotdagi o‘rnini oshirish bo‘yicha prezident farmoni qabul qilingani haqida xabar berilgandi.
Hujjat bilan, mamlakat miqyosida yoshlar o‘rtasida o‘tkaziladigan sport musobaqalari g‘oliblari qo‘shimcha ravishda “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat” yo‘llanmasi bilan taqdirlanishi belgilandi.
2027-yilgacha tadbirkorlarga modulli mehmonxona qurish va jihozlash xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi. Buning uchun mehmonxonalar kamida 10 ta moduldan iborat bo‘lishi kerak.
Bir martalik subsidiyalar modulli mehmonxonadagi har bir joy uchun quyidagi miqdorlarda ajratiladi:
- I toifadagi modulli mehmonxona uchun — 10 mln so‘m;
- II toifadagi — 7 mln so‘m;
- III toifadagi — 5 mln so‘m.
2028-yilgacha tibbiy turizm klasterlarining turizm yo‘nalishidagi xodimlari malakasini oshirish xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi. 2030-yilgacha ular xizmatlari xalqaro turizm va tibbiyot yarmarkalari hamda ko‘rgazmalarida targ‘ib qilinadi.
Joriy yilning 1-iyunidan turizm sohasiga oid barcha davlat elektron tizim va platformalari Milliy turizm yagona platformasi doirasida ishlab chiqiladi. Yil yakunigacha Samarqand shahrida “Ipak yo‘lida turizm” tematik ofisi tashkil etiladi.
O‘tgan yilning kuzida 2026-yilning 1-noyabrigacha modulli mehmonxona qurish va jihozlash uchun subsidiya ajratilishi belgilandi. Buning uchun mehmonxona kamida 10 ta moduldan iborat bo‘lishi kerak.
Joriy yilning aprel oyida Xorazmda yangi mehmonxona qurish va jihozlashga subsidiya ajratilishi belgilandi. Bu toifasiz mehmonxona uchun 10 mln so‘mni, 1 yulduzli uchun 15 mln so‘mni hamda 2 yulduzli uchun 20 mln so‘mni tashkil etadi.
Avvalroq tadbirkorlarning mehmonxona va ko‘ngilochar maskanlar hududidagi basseyn qurish xarajatining bir qismi qoplanishi haqida xabar berilgandi.