Wildberries birinchi marta O‘zbekistondagi buyurtmalarni berish punktlaridan mahsulotlarni kuryerlik xizmati orqali yetkazib berishni yo‘lga qo‘ydi. Bu haqda Wildberries & Russ birlashgan kompaniyasi matbuot xizmati Spot’ga ma’lum qildi. Bungacha shunga o‘xshash funksiya Rossiya va Belarus xaridorlari uchun mavjud edi.

BBPga buyurtma kelib tushgandan so‘ng, marketpleys mijozlarida kuryerni chaqirish uchun maxsus tugma paydo bo‘ladi. Buyurtma kuryer chaqirgan paytdan boshlab yoki tanlangan vaqt oralig‘ida 4 soat ichida bepul yetkazib berilishi va’da qilingan.

Hozirda marketpleys saytida “Kuryer ekspress” funksiyasi faqat Toshkent shahri aholisi uchun mavjud. Kelgusida bu funksiyani mamlakatning boshqa hududlari uchun ham joriy etish rejalashtirilgan.

Wildberries kuryerlik tarmog‘ini kengaytirish va logistika yechimlarini rivojlantirish ustida ishlashni davom ettirayotganini ma’lum qildi. Wildberries’ning O‘zbekistondagi direktori Akmal Primqulov mahalliy xaridorlar yetkazib berish tezligi va qulayligini qadrlashini ta’kidladi.

2023-yilning oktabr oyida Wildberries Toshkent viloyatida ikkinchi logistika markazini qurish rejalarini ma’lum qildi. Marketpleys 150 ming kv.metr maydonga ega obyektni qurishga $140 mlngacha investitsiya kiritishni rejalashtirgan.

O‘tgan yilning aprelida Wildberries va Russ birlashgan kompaniyasi rahbari Tatyana Kim (ilgari — Bakalchik) marketpleysning O‘zbekistonda ikkinchi logistika markazini qurish rejalari borligini tasdiqladi.

“O‘zbekistonda logistika markazini qurish rejalari o‘zgargani yo‘q va o‘zgarishi ham dargumon. Birinchidan, mamlakatda iste’molchilar nuqtayi nazaridan juda katta bozor mavjud. Ikkinchidan, biz uchun xaridorlarni jalb qilishdan (garchi bu saqlanib qolsa ham) ham muhimroq narsa, fikrimcha, hozir ishlab chiqaruvchilar uchun kurash ketmoqda”, — degandi Kim.

2024-yil yakunlariga ko‘ra, Wildberries’da O‘zbekistondan sotilgan tovarlarning umumiy hajmi 61,3% ga o‘sdi. Rossiyada oziq-ovqat mahsulotlariga, Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda avtomobil tovarlari va kiyim-kechaklarga talab sezilarli darajada ortgan.

Joriy yilning aprel oyida Wildberries Toshkentda yangi saralash markazini ochdi. Logistika obyekti Qibray tumanidagi avvalgi obyekt o‘rnini egalladi va undan poytaxtdagi BBPlariga yetkazib berish muddati 12 soatgachani tashkil etadi. Saralash markazi to‘liq ishga tushgach, kuniga 100 minggacha buyurtmani qayta ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Avvalroq O‘zbekistonda norasmiy import ustidan nazoratni kuchaytirish taklif qilingani haqida xabar berilgandi.