20-may kuni avtoraqam.uzex.uz savdo platformasida o‘tkazilgan onlayn auksionda jami 697 ta avtobil raqami sotildi. Bu haqda respublika tovar-xom ashyo birjasi matbuot xizmati xabar berdi.

Shundan 96%dan ortig‘i — 644 tasi jismoniy shaxslar, qolgani esa yuridik shaxslar tomonidan sotib olingan avtoraqamlarga to‘g‘ri keladi.

Savdo maydonchasida xarid qilingan eng arzon avtoraqam qiymati 1,9 mln so‘mni tashkil etdi.

Bundan tashqari, shu kuni sotilgan eng qimmat “chiroyli” avtoraqam qiymati 722,3 mln so‘m bo‘ldi. Bu yil boshidan buyon qayd etilgan rekord ko‘rsatkichdir.

Joriy yil hisobida, shu vaqtga qadar eng qimmat sotilgan avtoraqam 10-yanvar kuni birja savdolari orqali sotilgan avtoraqam bo‘lib qolayotgandi. Uning qiymati 509,6 mln so‘mni tashkil etgan.

13-may kuni savdo maydonchasi orqali eng qimmat avtoraqam 421,1 mln so‘mga xarid qilindi. Bu 2-may kuni auksionda qayd etilgan narx (422,3 mln so‘m) bilan deyarli tengdir.

O‘tgan yilning 24-dekabr kuni o‘tkazilgan auksionda “chiroyli” avtoraqam rekord darajada qimmat — 965,3 mln so‘m yoki $75 mingga sotilgandi. Bu undan bir kun oldingi rekord ko‘rsatkichga nisbatan 75%ga yuqoridir.

Avvalroq O‘zbekneftgaz 5 ta xizmat avtomobilini auksionga chiqargani haqida xabar berilgandi.