2-may kuni avtoraqam.uzex.uz savdo platformasida o‘tkazilgan onlayn auksionda jami 752 ta avtoraqam sotildi. Bu haqda respublika tovar-xom ashyo birjasi matbuot xizmati xabar berdi.

Shundan 94%i yoki 707 tasi jismoniy shaxslar, qolgan 45 tasi esa yuridik shaxslar tomonidan xarid qilingan avtomobil raqamlariga to‘g‘ri keladi. Eng arzon avtoraqam 1,9 mln so‘mga sotildi.

Savdo maydonchasida xarid qilingan eng qimmat “chiroyli” avtoraqam 422,3 mln so‘mni tashkil etdi.

Bu yil boshidan buyon xarid qilingan ikkinchi qimmat avtoraqam bo‘ldi. 10-yanvar kuni birja savdolari orqali eng qimmat raqam 509,6 mln so‘mga sotilgandi.

O‘tgan yilning 24-dekabr kuni o‘tkazilgan auksionda “chiroyli” avtoraqam rekord darajada qimmat — 965,3 mln so‘m yoki $75 mingga sotilgandi. Bu undan bir kun oldingi rekord ko‘rsatkichga nisbatan 75%ga yuqoridir.

Avvalroq 2024-yilda birjada 3 tonnaga yaqin qimmatbaho metallar sotilgani haqida xabar berilgandi. Sotilgan oltin qiymati ikki baravardan ko‘proqqa oshib, 2,5 trln so‘mga yaqinlashdi. Kumush esa 4,2 mlrd so‘mdan ortiqqa sotilgan.