Shavkat Mirziyoyev 21-may kuni Budapesht shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammitida ishtirok etib, unda nutq so‘zladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari tashkilot doirasida hamkorlik bo‘yicha samarali natijalarni qayd etib, “Turkiy davlatlar o‘rtasida strategik sheriklik, abadiy do‘stlik hamda qardoshlik to‘g‘risida"gi bitimni Boku sammitida imzolashni taklif qildi.
Shuningdek, o‘zaro savdo ulushini oshirish maqsadida “Turk-treyd” onlayn platformasini yaratish va Savdoni oshirish amaliy dasturini qabul qilish tashabbusi ilgari surildi.
Mamlakat yetakchisi transkaspiy xalqaro yo‘lagi orqali yuk tashish hajmini oshirish va bojxona-chegara tartiblarini soddalashtirish uchun “yagona darcha” hamda “yashil koridorlar” tizimlarini tezroq yo‘lga qo‘yishga chaqirdi. Noyabr oyida Toshkentda Turkiy davlatlarning Xalqaro multimodal transport va logistika forumi o‘tkaziladi.
“Biz innovatsion loyihalarni rag‘batlantirish uchun qo‘shma venchur kompaniyasini tashkil etish zarur, deb hisoblaymiz. Bu borada mamlakatlarimizning investitsiya imkoniyatlarini to‘liq aks ettirgan “Yagona investitsiya portali"ni joriy etish maqsadga muvofiqdir”, — dedi prezident.
Kimyo, energetika, tog‘-kon, yengil sanoat, farmatsevtika, charm-poyabzal, oziq-ovqat va qurilish sohalarida ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish uchun Sanoat kooperatsiyasi dasturini ishlab chiqish taklif qilindi.
Budapeshtda o‘z ishini boshlagan TDTning Qurg‘oqchilikning oldini olish instituti faoliyatiga ko‘maklashish va maqsadli loyihalarga jalb etish uchun “Qurg‘oqchilik va ekologik muammolarning oldini olish bo‘yicha qo‘shma “yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqish taklifi bildirildi. Toshkentda ochilayotgan Turkiy davlatlar xalqaro universitetida turkiy davlatlar professor va olimlari faoliyat olib borishi ko‘zda tutilmoqda.
Prezident o‘tgan yili O‘zbekistonning Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasiga rasman a’zo bo‘lib kirish haqidagi qarori e’lon qilinganini ta’kidlab, jamg‘arma kengashining navbatdagi yig‘ilishini mamlakatda o‘tkazishni taklif qildi.
Yil boshida Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar ishtirokidagi Turkiy investitsiya jamg‘armasining ustav kapitali $600 mlnga oshirilgandi. Bu orqali mintaqada mikro, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, savdo va tadbirkorlik rivojlantiriladi. TDTga O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkiya a’zo hisoblanadi.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Vengriya bosh vaziri Viktor Orban bilan kengaytirilgan strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani imzolagani haqida xabar berilgandi.