Milliy banklararo protsessing markazi (Humo to‘lov tizimi) boshqaruvida yana rahbar o‘zgardi. Tegishli ma’lumotlar Korporativ axborot yagona portalida ma’lum qilingan.

Kuzatuv kengashining 20-maydagi qarori bilan joriy yilning mart oyida MBPM boshqaruvi raisi etib tayinlangan Maksimov Aleksey Yurevichning vakolatlari muddatidan oldin tugatildi.

O‘z navbatida, uning o‘rniga Humo rahbari vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib Muxitdinov Maqsadjon Mansurovich tayinlandi. Bungacha u Humo rahbarining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi.

Maqsadjon Muhitdinov bozor iqtisodi tamoyillari asosida iqtisodiy siyosatni, iqtisodiy rivojlanish istiqbollarini, texnik rivojlanish siyosatiga javob bergan. Shuningdek, u o‘z vakolati doirasida dumaloq muhri bilan tasdiqlangan moliyaviy, bankka oid va boshqa texnik hujjatlarni imzolash huquqiga ega (ishonchnoma bo‘yicha) bo‘lgan.

humo, aleksey maksimov, shuhrat qurbonov, Maksadjon Muxitdinov, tayinlov

Bundan tashqari, yagona aksiyador qarori bilan Qurbonov Shuhratbek Ravshanbekovichning MBPM kuzatuv kengashi a’zosi sifatidagi vakolati ham muddatidan avval tugatildi. Qurbonov MBPMning affillangan shaxslari ro‘yxatidan chiqarildi. Uning o‘rniga Paynet bosh direktori Anvar Sadikovich Isamuhamedov kuzatuv kengashiga saylandi.

6-mart kuni MBPM aksiyadorlarining navbatdan tashqari yig‘ilishida Aleksey Maksimovni yangi boshqaruv raisi etib tayinlash to‘g‘risida qaror qabul qilingandi, u bilan 7-martdan boshlab 3 yil muddatga mehnat shartnomasi tuzildi. Ungacha bu lavozimda 2018-yilning dekabridan buyon Shuhratbek Qurbonov ishlab kelayotgandi.

May oyi boshida Qurbonov TBC Bank Uzbekistan rahbarining maslahatchisi etib tayinlangandi. U bank boshqaruviga biznes to‘lovlarini rivojlantirish va xizmat ko‘rsatish masalalari bo‘yicha maslahat beradi.

Humo tarixi

Milliy banklararo protsessing markazi 2018-yilda tashkil etilgan, undan keyingi yilning bahorida esa u boshqarayotgan Humo to‘lov tizimi ishga tushirildi. 2021-yilda Uzcard bilan hamkorlik qilishga kelishib, infratuzilmani integratsiyalashni boshladi.

2023-yilning yozidan buyon 6,4 mingta Humo bankomatlari Uzcard bank kartalarini o‘zaro asosda qabul qiladi. Hozirda to‘lov terminallarini integratsiyalash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda, ular allaqachon sinov bosqichiga chiqqan.

O‘tgan yilning mayida MBPM prezidentning tegishli farmoni bilan aksiyadorlik jamiyati sifatida qayta tashkil etildi. Kompaniya tomonidan nominal qiymati 1000 so‘m bo‘lgan 155 448 748 dona oddiy aksiyalar chiqarilib, Davaktiv agentligida joylashtirildi.

Xususiylashtirish jarayoni

Iyul oyi o‘rtalarida Davaktiv agentligi Humo’ning 100% ulushini xususiylashtirish boshlanganini ma’lum qildi. Jarayon uch bosqichda tashkil etilib, birinchi bosqich 22-avgustda yakunlandi.

Aktivni sotib olishga O‘zbekiston, Yevropa va Osiyodan 8 nafar investor qiziqish bildirgan. 6 nafar talabgor esa keyingi bosqichga o‘tdi. Qozog‘istonning Kaspi fintex guruhi to‘lov tizimini sotib olishga qiziqish bildirgandi. Biroq, noyabr oyiga kelib, kompaniya xususiylashtirish jarayonida ishtirok etmaslikka qaror qildi.

Spot bilan suhbatda bo‘lgan ekspertlar Humo’ning minimal qiymatini $60−80 mlnga baholadi. Aniq narxni aniqlash uchun to‘lov tizimining joriy va prognozli moliyaviy ma’lumotlariga kirish zarur. Davaktiv agentligi direktori Akmalxon Ortiqov bunga qo‘shilgan holda, “haqiqatga ancha yaqin” ekanini ta’kidladi.

Bundan tashqari Spot fintex bozori ishtirokchilari bilan Kaspi’ning O‘zbekiston bozoriga kengayishi, Humo bilan kelishuv ehtimoli, to‘lov tizimini sotib olishdagi rejalar va mahalliy biznesning Kaspi bilan raqobatlashishga tayyorligi haqida suhbatlashgandi.

Avvalroq Sergey Gimadiyev Apex Bank boshqaruvi raisi etib tayinlangani haqida xabar berilgandi. Bungacha u 2024-yilning may oyidan buyon Apex Bank rahbari o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi.