Xitoyning BYD kompaniyasi Yevropa bozorida oylik sotuvlar hajmi bo‘yicha birinchi marta Teslani ortda qoldirdi. Bu haqda JATO Dynamics hisobotiga asoslanib Reuters xabar bermoqda.
Tahlil kompaniyasining ma’lumotlariga ko‘ra, aprel oyida Yevropa mamlakatlarida BYD rusumli 7231 ta elektromobil ro‘yxatdan o‘tkazilgan — bu o‘tgan yilning shu oyiga nisbatan qariyb 2,7 barobar ko‘p. Tesla avtomobillarining ro‘yxatdan o‘tkazilgan soni esa 49%ga kamayib, 7165 tani tashkil etgan.
JATO global tahlilchisi Felipe Munos bu o‘zgarishni “Yevropa avtomobil bozoridagi burilish nuqtasi” deb atadi. Uning ta’kidlashicha, BYD mashinalari 2022-yilning kuziga qadar rasman faqat Norvegiya va Niderlandiyada sotilgan, Tesla esa 2014-yildan beri butun Yevropada ishlagan.
Yevropa Ittifoqida elektr transport vositalarining umumiy savdosi o‘tgan yilga nisbatan 28%ga ko‘paydi, Xitoy markalariga bo‘lgan talab esa bojxona to‘lovlari joriy etilganiga qaramay 59%ga oshdi. Xpeng brendi savdosi 268%ga o‘sib, elektromobillar segmentida faqatgina Porsche’dan (309%) orqada qoldi.
Reuters’ning ta’kidlashicha, joriy yilning birinchi choragida Tesla savdolari Buyuk Britaniyadan tashqari deyarli barcha yirik bozorlarda pasaygan. Germaniyada yetkazib berish hajmi 62%ga, Fransiyada 41%ga, Norvegiya va Portugaliyada esa chorak qismga qisqargan.
Shuningdek, Tesla elektromobillarini yetkazib berish kompaniya uchun asosiy hisoblangan mamlakatlarda ham kamaygan: Xitoyda 22%ga, AQShda esa 5%ga tushgan. Chorak davomidagi umumiy sotuvlar 2024-yilning shu davriga nisbatan 13%ga, daromad esa 20%ga kamaygan.
Ekspertlar sotuvlarning pasayishini Tesla Model Y’ning yangilangan versiyasini ishlab chiqarishga o‘tish uchun konveyerlar to‘xtatilgani, shuningdek, elektromobilning arzonroq modeli kutilayotgani bilan bog‘lamoqda. Bunga qo‘shimcha ravishda, so‘nggi oylarda Ilon Maskning siyosiy qarashlari sababli Tesla’ga qarshi norozilik namoyishlari kuzatilmoqda.
Shu bilan birga, BYD Yevropa bozorlarida faol ravishda kengayib bormoqda va Yevropa Ittifoqi tariflaridan qochish maqsadida Vengriya hamda Turkiyada ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Yevrokomissiya esa o‘z navbatida Pekinning Vengriyadagi zavod uchun ehtimoliy subsidiyalari bo‘yicha tekshiruv ishlarini boshlab yubordi.
Avvalroq Spot Tesla xodimlari Ilon Maskdan kompaniyadan ketishni so‘rayotgani haqida yozgandi.
Xodimlarning fikricha, milliarder o‘z faoliyati bilan brendga bevosita zarar yetkazmoqda. Xaridorlar kamayib, sotuvlar pasaymoqda.