O‘zbekiston va Qozog‘iston to‘rtta chegara posti orqali yangi yuk avtomobillari harakatini yo‘lga qo‘yishi mumkin. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Olmaotaga safar doirasida qo‘mita raisi Akmalxo‘ja Mavlonov Qozog‘iston moliya vazirligining davlat daromadlari qo‘mitasi raisi Jandos Duysembiyev bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazdi.

Unda chegara bojxona postlarida yukli avtotransport vositalari navbatlarini boshqarish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun soddalashtirilgan tartiblarni nazarda tutuvchi “yashil yo‘lak” rejimini joriy qilish masalalari ko‘rib chiqildi.

Tomonlar iyun oyidan O‘zbekistondagi chegara-bojxona postlarida bosqichma bosqich joriy qilinadigan “Elektron navbat” tizimiga to‘xtaldilar. Tizim birinchi marta Qozog‘iston bilan chegarada joylashgan “Navoiy” bojxona postida joriy qilinadi.

Shuningdek, bojxona xizmatlari o‘rtasida axborot almashinuvini kengaytirish, yirik inspeksion majmualaridan olingan skaner tasvirlarini o‘zaro almashish imkoniyatlari hamda bojxona postlari orqali harakatlangan yengil avtomobillar haqidagi ma’lumotlarni almashishning texnik shartlari muhokama qilindi.

bojxona qo‘mitasi, qozog‘iston, bojxona posti, chegara posti, nazorat o‘tkazish punkti, elektron navbat

Ikkala davlat o‘rtasidagi “Oq oltin” — “Selinny” hamda “Malik” — “Sirdaryo” chegara bojxona postlari orqali bo‘sh yuk avtotransport vositalari va yirik gabaritli bo‘lmagan yuklar harakatini yo‘lga qo‘yish masalasi ham ko‘rib chiqildi.

Bu O‘zbekistonning “Yallama”, “Najimov” va “Sirdaryo” chegara bojxona postlari va unga tutash Qozog‘istonning chegara bojxona postlaridagi yuklama va tirbandliklarni sezilarli ravishda qisqartirishi qayd etildi.

Shuningdek, uchrashuvda ikkala davlatda bojxona xizmati vakillarini ta’sis etish bo‘yicha kelishuv ko‘rib chiqildi. O‘zaro savdoga doir bojxona statistikasi bo‘yicha hamkorlikni takomillashtirish, turli nomuvofiqliklarning to‘liq oldini olish zarurligi qayd etildi.

O‘zaro hamkorlikning yangi rejasi bilan o‘tkazish punktlarini qayta qurish va rekonstruksiya qilish ishlarini tezlashtirish belgilanmoqda. Xususan, “G‘ishtko‘prik” va “Dovud ota” chegara bojxona postlaridagi qurilish jarayonlari yakunlangach, “Sirdaryo” chegara bojxona postini qayta qurish nazarda tutilgan.

Tomonlar bojxona laboratoriyalari o‘rtasida va kadrlar malakasini oshirish bo‘yicha hamkorlikni nazarda tutuvchi kelishuvlarni ko‘rib chiqdilar. Uchrashuv yakunida 3 ta hujjat imzolandi.

Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi chegara punktida elektron navbat tizimi joriy etilishi 2023-yil boshida ma’lum bo‘lgandi.

2024-yilning dekabr oyida Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan muloqotida 2025-yilda G‘ishtko‘prik, Navoiy, Dovut-ota, Shovot va Gulbahor postlarida qo‘shimcha koridorlar qurilib, o‘tkazish quvvati 5 karra oshirilishi ma’lum qilindi.

Yanvar oyida prezident huzurida o‘tkazilgan transport-logistika tizimini rivojlantirishga qaratilgan taqdimotda transport vaziri Ilhom Mahkamov nazorat-o‘tkazish punktlari kengaytirilishini, elektron navbat va onlayn kuzatuv tizimlari joriy etilishini qayd etdi.

Avvalroq Qozog‘iston bilan chegaradagi Dovut ota o‘tkazish punkti yana to‘rt oyga yopilgani haqida xabar berilgandi. Tajen nazorat-o‘tkazish punktida davom etayotgan rekonstruksiya ishlari sababli Qozog‘iston tomoni fevral oyida qo‘yilgan cheklovni 1-sentabrgacha uzaytirishni taklif qilgan. O‘zbekiston buni qo‘llab-quvvatladi.