UzAuto Motors Cobalt Midnight avtomobilini qimmat narxda sotayotgani haqidagi xabarlarni rad etdi. Bu haqda Spot’ga avtomobil ishlab chiqaruvchisi matbuot xizmati xabar berdi.
Avvalroq Avtostrada nashri UzAuto Motors dilerlari avtomobilni zavoddan rasmiy narx — 155,2 mln so‘mdan sotib olishi, keyin esa bozorlarda olib-sotarlar bilan raqobatlashish uchun sotuv narxini mustaqil ravishda — 167 mln so‘m belgilashi haqida xabar bergan edi. Unda qayd etilishicha, avtodilerlarga qo‘shimcha haq to‘lansa, mashinani navbatsiz olish mumkin.
UzAuto Motors’ning Spot’ga bergan izohida ta’kidlanishicha, dilerlik markazlari avtomobillarga mustaqil ravishda narx belgilash huquqiga ega emas. Sotish faqat avtomobil ishlab chiqaruvchisi tomonidan belgilangan narxlarda amalga oshiriladi.
Kompaniya dilerlik tashkilotlari faoliyatini doimiy ravishda kuzatib boradi, chunki avtomobillarni belgilangan narxdan yuqori narxda sotish taqiqlanadi va dilerlik shartnomasini buzish sifatida qaraladi. Bunday qonunbuzarliklar aniqlanganda “tegishli choralar” qo‘llaniladi.
“Ayni paytda UzAuto Motors kompaniyasi Cobalt Midnight AT avtomobilini 167 mln so‘mdan sotish holatlarini qayd etmagan,” — deya ta’kidladi kompaniya.
2024-yil oktabr oyida UzAuto Motors Chevrolet Cobalt avtomobilini yangi Midnight modifikatsiyasida ishlab chiqarilishini ma’lum qilgandi. Undan keyin Asakadagi zavodda yangi modifikatsiyadagi avtomobil ishlab chiqarila boshlandi.
Avvalroq UzAuto Motors Damas va Labo ishlab chiqarishni to‘xtatish ko‘rib chiqilmayaptotgani haqida xabar bergandi.