Avvalroq prezident raisligida mahalliy sanoatni rivojlantirish bo‘yicha kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.

Unda milliy brendlarni ko‘paytirish, mavjudlarini xalqaro darajaga olib chiqish bo‘yicha yangi tizim joriy etilishi ma’lum qilindi.

Milliy brendlarni qo‘llab-quvvatlash kompaniyasi tashkil qilinadi. Kompaniya xorijdan brend-menejer, dizayner, marketolog va piar-menejerlarni olib keladi.

Xalqaro sertifikati bor, sifati yuqori va tashqi bozorda raqobatbardosh bo‘lgan kamida 50 ta milliy mahsulotni tanlab oladi, ularga sifat belgisini berib, brendini dunyoga tanitish uchun katta targ‘ibot kampaniyasini boshlaydi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda tayyor kiyim kechak, charm-attorlik mahsulotlari va poyabzal ishlab chiqaradigan 4 mingdan ziyod korxona mavjudligi, lekin ularni aholiga tanitib, keng tanlov imkonini beradigan, milliy mahsulotlar bir joyda sotiladigan savdo markazlari yo‘qligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shu bois, faqat milliy mahsulotlar sotiladigan Mall of Uzbekistan yirik savdo markazlari ishga tushiriladi. Ulardagi savdo do‘konlari tadbirkorlarga minimal narxda ijaraga beriladi.

Ishchilarining 15%i ehtiyojmand oiladan bo‘lgan to‘qimachilik va charm-poyabzal korxonalariga foyda solig‘i 2%, ijtimoiy soliq esa 1% etib belgilangan.

Endilikda to‘qimachilik va charm korxonalariga foyda solig‘i va ijtimoiy soliq bo‘yicha imtiyoz olish uchun ehtiyojmand odamlarni ishga olishda 15% lik me’yor ikki barobar kamaytiriladi. Imtiyoz olish uchun ehtiyojmand odamlar bilan birga nogironligi bor ishchilar ham hisobga olinadi.

Avvalroq 2026-yilgacha to‘qimachilik korxonalari ayrim soliqlardan ozod etilishi haqida xabar berilgandi.