O‘zbekiston fuqarolari Xitoyga vizasiz kirishlari mumkin bo‘ladi

O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida imzolangan hukumatlararo bitimning kuchga kirishi bo‘yicha ichki protseduralar tugallandi. Hujjat 1-iyundan kuchga kiradi.

Hujjat bilan ikki davlat fuqarolari mamlakatga kirish, undan chiqish yoki tranzit qilish uchun har bir alohida bo‘lish muddati 30 kundan oshmaydigan va har qanday 180 kunlik davr ichida jami 90 kundan ortiq bo‘lmagan muddatda viza talablaridan ozod qilinadi.

Bunda davlatlar hududiga har bir kirish va bo‘lish muddati 30 kundan oshmasligi kerak. Agar bundan oshsa, viza olish talab etiladi.

Vizasiz rejim ishlash, o‘qish va media faoliyati, shuningdek, boshqa tomon vakolatli organlarining oldindan roziligini talab qiladigan boshqa turdagi faoliyat bilan shug‘ullanishga nisbatan tatbiq etilmaydi. Bitim Xitoyning Gongkong va Makao maxsus ma’muriy hududlariga kirishga ham amal qilmaydi.



Bir nechta mamlakat fuqarolariga O‘zbekistonga vizasiz kirishga ruxsat beriladi

2025-yilning 1-iyunidan Bahrayn, Kuvayt va O‘mon fuqarolari uchun O‘zbekiston hududida vizasiz rejim joriy qilinadi. Mazkur mamlakat fuqarolari hududga kirgan kundan boshlab, 30 kun davomida vizasiz bo‘lishlari mumkin bo‘ladi.


Kambag‘al oilalarga toifasi asosida ayrim to‘lovlar uchun 75% gacha chegirma beriladi

Ijtimoiy himoya yagona reyestridagi oilalar uchun qonunchilikda belgilangan imtiyozlar Kambag‘al oilalar reyestridagi oilalarga ham tatbiq etiladi, 2026-yildan esa faqat ushbu reyestrga kiritilgan oilalarga ko‘rsatiladi.

Bunda davlat xizmatlaridan foydalanish uchun boj, yig‘im va boshqa to‘lovlarni to‘lashda “sariq” toifaga kiritilgan oilalarga 50%, “qizil” toifaga kiritilgan oilalarga esa 75% miqdorida chegirmalar qo‘llaniladi.

Kambag‘al oilalar “qizil” yoki “sariq” toifadan “yashil” toifaga o‘tganda ular uchun qonunchilikda nazarda tutilgan davlat ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari keyingi 12 oy muddatga saqlab qolinadi. “Qizil” toifaga kiritilgan oilalarga belgilangan passiv daromad keltiruvchi qo‘llab-quvvatlash choralari taqdim etiladi.

Ushbu reyestrga kiritilgan oilalar a’zolariga ijtimoiy xizmat va yordamlar oilalar kambag‘al deb e’tirof etilgani to‘g‘risidagi ma’lumotlar yoki shaxsning kambag‘al deb e’tirof etilgan oilaning a’zosi ekani haqidagi ma’lumotnoma asosida ko‘rsatiladi.


Ayrim oilalarning talaba qizlari uchun alohida stipendiya beriladi

2025-yilning 1-iyunidan “qizil” toifaga kiritilgan oilalarning “a'lo” baholarga o‘qigan talaba qizlariga bazaviy stipendiyaning 2 baravari miqdoridagi maxsus stipendiya to‘lanadi.


Endi yo‘l chiziqlarini bosgan haydovchilarga radarlar orqali jarima yozilmaydi

1-iyundan yo‘l chiziqlarini bosib qoidabuzarlik sodir etish holatlarini fotoradar yoki videokamera orqali qayd etishga va ularga avtomatik ravishda jarima yozishga yo‘l qo‘yilmaydi. Biroq, bundan to‘xtash chizig‘i — “stop-liniya” (5.33 yo‘l belgisi) mustasno. Qoidabuzarlik yo‘l patrul xizmati xodimi tomonidan aniqlanganda, o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtiriladi.

Shuningdek, shaharlardagi avtomobil yo‘llarida ta’mirlash yoki yo‘l chiziqlarini chizish ishlarini soat 07.00 dan 21.00 ga qadar amalga oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi.


Yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun jarima ballari kuchga kiradi

Jarima ballari avtomobil boshqargan haydovchilarga nisbatan faqat YHXX xodimlari tomonidan rasmiylashtirilgan ma’muriy bayonnomalar asosida hisoblanadi. Agar haydovchi 12 oy ichida qoidalarni buzmasa, unga keyingi birinchi huquqbuzarlik uchun jarima bali hisoblanmaydi.

Oxirgi huquqbuzarlik uchun jarima bali hisoblangach, yarim yil davomida qoidabuzarlik sodir etilmasa, umumiy jarima ballaridan 2 jarima bali olib tashlanadi. Agar jarima ballarining umumiy miqdori 2 balldan kam bo‘lsa, barchasi ayirib tashlanib, ularni hisoblash birinchi huquqbuzarlik sodir etilgan vaqtdan yangidan boshlanadi.

1-iyungacha E-jarimaball modulini ishlab chiqilishi kerak. Haydovchilar o‘z jarima ballari haqidagi ma’lumotlarni modul va maxsus mobil ilova hamda Yagona portal orqali olishlari mumkin bo‘ladi. To‘plangan har bir ball haqida haydovchilar SMS orqali ogohlantiriladi.

Jarima ballari asosida transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxslarning elektron ma’lumotlar bazasi joriy etiladi.


Сhiqindidan qarzdorlik uchun elektr energiyasiga to‘lovlar cheklanadi

8-iyundan boshlab chiqindilarni olib chiqib ketish xizmatlari uchun qarzdorlik mavjud bo‘lganda elektr energiyasiga to‘lovlarni qabul qilishni cheklash tartibi kuchga kiradi.

Qarzdorlik bartaraf etilishi bilan cheklovlar avtomatik tarzda bekor qilinadi. Qarzdorlik haqida oldindan SMS yuborilib, cheklov kuchga kirgungacha qarzni to‘lash uchun 5 kun beriladi.


O‘zbekistonda xorijiy fuqarolar uchun oltin viza joriy etiladi

Chet ell fuqarolariga beriladigan yashash uchun ruxsatnomalar narxi $250 mingni tashkil etadi. “Oltin viza” olgan xorijiy fuqaroning oila a’zolari (ota-onasi, turmush o‘rtog‘i, farzandlari) ga hujjat $150 mingga taqdim etiladi. Ruxsatnoma 5 yil davomida amal qiladi.


Oila va jamoa bilan sayohatga chiqish kuni joriy etiladi

“O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” ichki turizmni rivojlantirish dasturini amalga oshirish uchun har oyning ikkinchi haftasining shanba va yakshanba kunlari “Oila va jamoa bilan sayohatga chiqish kuni” etib belgilanadi.

Iyun-dekabr oylarida vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xo‘jalik birlashmalari, davlat ulushi 50% dan yuqori bo‘lgan korxonalar, sug‘urta tashkilotlari hamda banklar xodimlarining O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish reja-jadvali ishlab chiqiladi.


Fuqarolarga mehmonxonalarda pasportsiz MyID tizimi orqali identifikatsiyadan o‘tishga ruxsat beriladi

Turizm sohasiga oid barcha davlat elektron tizim va platformalari Milliy turizm yagona platformasi doirasida ishlab chiqiladi.

Bunda platforma orqali joylashtirish vositalarini onlayn band qilgan O‘zbekiston fuqarolariga shaxsni tasdiqlovchi hujjatsiz MyID tizimi orqali identifikatsiyadan o‘tishga ruxsat beriladi.

Platformaga ulangan joylashtirish vositalarining shaxsiy kabinetida mehmonni QR-kod yoki yuz orqali identifikatsiya qilish imkoniyati yaratiladi. 1-sentabrgacha platforma orqali axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yilishi lozim bo‘lgan vazirlik va idoralarning ro‘yxati tasdiqlanishi kerak.

Yil yakunigacha Samarqand shahrida “Ipak yo‘lida turizm” tematik ofisi tashkil etiladi.


Bino-inshootlar qurilishini loyihalashtirishda “yashil” energiya manbalarini majburiy o‘rnatish talab etiladi

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi huzurida “Issiqlik ta’minoti” kompaniyasi tashkil etilgan.

Qurilishda texnik shartlar olinishi talab qilinadigan bino-inshootlarni qurish hamda rekonstruksiya qilishni loyihalashtirishda hujjatlarda binolar ehtiyojlari uchun qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari va muqobil issiqlik tizimlari hamda energiya tejovchi uskunalarni majburiy o‘rnatish talabi kiritiladi.

Shu bilan birga, ko‘p kvartirali uy-joylar va binolarning ichki issiqlik va issiq suv tarqatuvchi tizimlarining qurilishi, inshootlar va tarmoqlarda hisoblagichlarning to‘liq o‘rnatilishi majburiy hisoblanadi.

Markazlashgan issiqlik ta’minoti mavjud hududlarda yangi qurilayotgan ko‘p kvartirali uy-joylar, ma’muriy binolar, ijtimoiy soha muassasalari, sanoat va tadbirkorlar bino va inshootlarining issiqlik tarmoqlariga ulanishi majburiy etib belgilanadi.


Yangi avtomobillar uchun bojxona to‘lovlarini hisoblash tartibi o‘zgartiriladi

Bojlarning turlicha qo‘llanilishini bartaraf etish maqsadida TIF TNning 87 (avtotransport vositalari va ularning ehtiyot qismlari) guruhidagi podsubpozitsiyalar raqamlari o‘zgartirilib, ishlab chiqarilganiga 3 yilgacha bo‘lgan yangi avtomobillar uchun ikki xil import boji o‘rnatildi.

Bunda ishlab chiqarilganiga 1 yildan oshmagan yangi avtotransport vositalari uchun alohida, 3 yilgacha bo‘lgan avtomobillar uchun alohida bojxona boji stavkalari belgilanadi.


Chegara punktlarida avtomobillar uchun elektron navbat joriy etiladi

Davlat chegarasi orqali avtomobil o‘tkazish punktlarida avtotransport vositalarining elektron navbat tizimi joriy etilishi belgilangan.

Tizim birinchi marta Qozog‘iston bilan chegarada joylashgan “Navoiy” bojxona postida joriy qilinadi.


Markaziy bank banklar uchun kichik biznesni kreditlash bo‘yicha talablarni soddalashtiradi

O‘zgartirish va qo‘shimchalar kapital yetarliligi talablarini Bazel 3 standartlariga muvofiqlashtirish orqali banklarning moliyaviy barqarorligini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan.

Kichik tadbirkorlarga ajratilgan jami qoldiq summasi bank regulyativ kapitalining 0,2%idan oshmagan, biroq eng ko‘pi bilan 15 mlrd so‘mgacha kreditlarga nisbatan 75%lik tavakkalchilik darajasi belgilandi. Amalda bu foiz stavkasidan kelib chiqib, 100, 150 va 200% ni tashkil etardi.


Ayrim fuqarolarga ijtimoiy xizmatlardan foydalanish xarajatlari vaucher asosida qoplab beriladi

“Faol hayotga qadam” dasturi joriy etilib, o‘zgalar parvarishiga muhtoj voyaga yetgan shaxslarga quyidagi 5 turdagi yangi ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatiladi:

  • uy sharoitida ijtimoiy-maishiy yordam ko‘rsatish;
  • uy sharoitida qarab turish;
  • tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya xizmati;
  • kunduzgi qatnov asosida qarab turish xizmati;
  • shaxsiy yordamchi xizmati.

Dastur doirasidagi ijtimoiy xizmatlardan foydalanish xarajatlarining bir qismi vaucher asosida qoplab beriladi. Vaucher berish va uning qiymatini to‘lash “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimidagi “Oila hamkori” platformasi orqali amalga oshiriladi.

Bunda vaucher quyidagilarga beriladi:

Uy sharoitida ijtimoiy-maishiy yordam ko‘rsatish hamda kunduzgi qatnov asosida qarab turish xizmati uchun:

  • Kambag‘al oilalar reyestri, O‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar reyestriga kiritilganlarga;
  • “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali bolalar nafaqasi va moddiy yordamni oluvchi shaxs (oila) larga.

Shaxsiy yordamchi xizmati uchun:

  • I guruh nogironlik belgilangan shaxsga;
  • ko‘zi ojizlik bo‘yicha birlamchi nogironlik belgilangan shaxsga;
  • birinchi marta nogironlar aravachasidan foydalanish belgilangan shaxsga.

Nogironligi bo‘lganlarni ishga olgan tadbirkorlarning ayrim xarajatlari qoplab beriladi

I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilgan tadbirkorlarga 50 mln so‘mgacha subsidiya beriladi. Mablag‘lar surdotarjimon, psixolog va hamrohlik xizmatini tashkil qilish xarajatlarini qoplashga ajratiladi.

Shuningdek jismoniy shaxslarga hamrohlik xizmatini o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ko‘rsatishga ruxsat beriladi.


Afrosiyob elektropoyezdlari qatnovi vaqti o‘zgartiriladi

15-iyundan yuqori tezlikda harakatlanuvchi Afrosiyob elektropoyezdlari jadvaliga quyidagicha o‘zgartirishlar kiritiladi:

Ertalab jo‘nash vaqti:

  • 778-sonli Toshkent-Buxoro yo‘nalishi: Toshkent 06:03 — Buxoro 10:14;
  • 764-sonli Toshkent-Qarshi yo‘nalishi: Toshkent 06:30 — Qarshi 10:09;
  • 774-sonli Toshkent-Shahrisabz yo‘nalishi: Toshkent 06:30 — Shahrisabz 11:14;
  • 766-sonli Toshkent-Samarqand yo‘nalishi: Toshkent 07:21 — Samarqand 09:51;
  • 775-sonli Toshkent-Samarqand yo‘nalishi: Toshkent 10:55 — Samarqand 13:15
  • 771-sonli Buxoro-Toshkent yo‘nalishi: Buxoro 03:15 — Toshkent 07:35;
  • 768-sonli Toshkent-Buxoro yo‘nalishi: Toshkent 08:04 — Buxoro 12:15;
  • 770-sonli Toshkent-Buxoro yo‘nalishi: Toshkent 08:29 — Buxoro 12:46.

Tushdan keyin jo‘nash vaqti:

  • 777-sonli Buxoro-Toshkent yo‘nalishi: Buxoro 17:55 — Toshkent 22:08;
  • 773-sonli Shahrisabz-Toshkent yo‘nalishi: Shahrisabz 16:24 — Toshkent 21:10;
  • 763-sonli Qarshi-Toshkent yo‘nalishi: Qarshi 17:29 — Toshkent 21:10;
  • 765-sonli Samarqand — Toshkent yo‘nalishi: Samarqand 17:35 — Toshkent 20:08;
  • 767-sonli Buxoro-Toshkent yo‘nalishi: Buxoro 16:17 — Toshkent 20:31;
  • 769-sonli Buxoro-Toshkent yo‘nalishi: Buxoro 14:58 — Toshkent 19:17;
  • 772-sonli Toshkent-Buxoro yo‘nalishi: Buxoro 19:41 — Toshkent 00:03;
  • 776-sonli Samarqand-Toshkent yo‘nalishi: Samarqand 13:56 — Toshkent 16:14.

Harbiylarga ipoteka krediti uchun uy narxining 35%i miqdorida boshlang‘ich to‘lov ajratiladi

Ipoteka kreditlarini ajratish ko‘rsatkichlari asosida uy-joy bilan ta’minlanadigan, 10 yildan ortiq xizmat o‘tagan harbiylarga uy sotib olish yoki qurish uchun ipoteka kreditiga ajratiladigan boshlang‘ich to‘lov uy-joy qiymatining 35%i miqdorida ajratiladi.