Rossiyada xorijlik talabalar ustidan nazorat kuchaytiriladi. Bu haqda Rossiya IIV ruxsat berish-viza ishlari va tashqi mehnat migratsiyasi boshqarmasining viza va taklifnomalar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari, politsiya polkovnigi Yelena Klimova ma’lum qildi.
Bunda oliy o‘quv yurtidan chetlatilgan yoki o‘qishni tugatgan chet ellik talabalar, agar Rossiya hududida bo‘lish uchun asoslar bo‘lmasa, nazorat ostidagi shaxslar reyestriga kiritiladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyada vaqtincha yashash muddati qisqartirilgandan so‘ng, chet elliklar Rossiyada qolishlari uchun qonuniy asoslar bo‘lmaydi.
“Agar boshqa qonuniy asoslar bo‘lmasa, u [chet ellik talaba] bizda qonunbuzarga aylanadi, nazorat qilinadigan shaxslar ro‘yxatiga kiritiladi va unga nisbatan qonunda belgilangan davlat ta’sir choralarini qo‘llash mumkin bo‘ladi”, — dedi Klimova.
U ta’lim tashkilotlari bunday o‘quvchilarning maqomi o‘zgargani haqida uch kun ichida Ichki ishlar vazirligiga xabar berishlari shart ekanligini qo‘shimcha qildi.
Mart oyining oxirida Rossiya fan va oliy ta’lim vaziri Valeriy Falkov Rossiya oliy o‘quv yurtlari tomonidan xorijiy talabalarni saralash sifatini oshirish zarurligini ta’kidlagan edi.
Uning fikricha, oliy ta’lim muassasalari ko‘rsatkichlarni bajarishdan ko‘ra, Rossiyada ta’lim olishga chinakam ishtiyoqmand va oliy ma’lumot olishga haqiqatan motivatsiyasi bor talabalarni qabul qilishi kerak.
Aprel oyi oxirida Rossiyada migrantlar uchun maqomlarini qonuniylashtirish muddati 10-sentabrgacha uzaytirildi.
Mazkur muddatgacha Rossiyada noqonuniy bo‘lib turgan chet el fuqarolari o‘zlarining huquqiy maqomini tartibga solishi yoki mamlakatni tark etishi kerak.
Bundan oldin joriy yil 5-fevraldan boshlab migratsiya qonunchiligi sohasida huquqbuzarlik sodir etgan chet elliklar kiritiladigan nazorat ostidagi shaxslar reyestri ishga tushirildi. Ro‘yxatga kiritilgan migrantlar mamlakatni tark etishi yoki 30-aprelgacha Rossiya Ichki ishlar vazirligi orqali o‘z maqomini hal qilishi kerak edi.
O‘zbekiston elchixonasi fuqarolarni Rossiya Ichki ishlar vazirligi veb-saytida maqomni tekshirish va oqibatlarning oldini olish uchun qonuniylashtirish choralarini ko‘rishga chaqirdi.
30-iyundan xorijliklarning Rossiyaga kirishiga yangi talab joriy qilinishi haqida xabar berilgandi.
Bunda Rossiyaga kelayotgan chet el fuqarolari tegishli ilova orqali oldindan ro‘yxatdan o‘tishi va QR-kod olishi, mamlakatga kirish va u yerda bo‘lishning taxminiy muddatlarini ko‘rsatishi shart bo‘ladi.
Avvalroq Spot Donald Tramp Harvardga chet ellik talabalarni qabul qilishni taqiqlagani haqida yozgandi.
Hozirda tahsil olayotgan xorijlik talabalar boshqa universitetga o‘tishlari shart, aks holda ular mamlakatda qolish huquqidan mahrum bo‘ladilar.
Universitet ma’muriyati bu harakatlarini noqonuniy va universitetning ilmiy hamda tadqiqot faoliyatiga putur yetkazish deya ta’kidladi.