Shvetsiyaning Volvo kompaniyasi 3000 ga yaqin xodimni ishdan bo‘shatadi, deb yozadi CNBC.

Qisqartirishlar kompaniya umumiy ofis xodimlarining 15%i va asosan Shvetsiyadagi ofis xodimlariga ta’sir qiladi.

Kompaniya xarajatlarni $1,89 mlrdga qisqartirmoqchi va ta’kidlanishicha bu choralar Volvo‘ni “kuchliroq va barqarorroq” qilish uchun zarur hisoblanadi. Dastur, shuningdek, butun dunyo bo‘ylab investitsiyalarni kamaytirishni nazarda tutadi.

“Avtosanoat bugungi kunda murakkab davrni boshdan kechirmoqda. Vaziyatga moslashish uchun pul oqimini boshqarish samaradorligini oshirishimiz va xarajatlarni qisqartirishimiz zarur”, — deydi Volvo Cars bosh direktori Xokan Samuelsson.

Bundan tashqari, avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniya tarif siyosati tomonidan kuchayib borayotgan bosim tufayli 2025 va 2026-yillarga mo‘ljallangan moliyaviy prognozlarini qaytarib oldi.

2025-yil 23-may kuni Donald Tramp Oq uy va Yevropa Ittifoqi rahbarlari o‘rtasidagi muzokaralar “hech qanday natija bermayotgani” haqida xabar berdi va 50%lik bojlar joriy etish rejasini e’lon qildi.

Yevropa Komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen bilan suhbatlashgandan so‘ng, u ushbu bojlarning joriy etilishini 9-iyulgacha kechiktirishga qaror qildi.


Avvalroq Microsoft 7 ming xodimini ishdan bo‘shatishini e’lon qilgani haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, qisqartirishlar kompaniya umumiy xodimlarning taxminan 3%ini tashkil qiladi.