Humans Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasidan O‘zbektelekom telekommunikatsiya xizmatlari operatoriga nisbatan monopoliyaga qarshi ish ochishni so‘radi. Tegishli ariza 2025-yilning 8-may kuni tahririyat ixtiyoriga kelib tushdi.

Xatda Humans o‘zining ma’lumotlar uzatish tarmog‘iga ega bo‘lmagan virtual mobil aloqa operatori (MVNO) ekanligi, shuning uchun kompaniya faoliyati 2020-yil 22-maydagi shartnomaga muvofiq O‘zbektelekom infratuzilmasiga asoslanganligi aytiladi.

“O‘zbektelekom 2021-yildan buyon internet narxi monopol tovar sifatida sezilarli darajada pasayganiga qaramay, internet-trafikni uzatish uchun Gn-interfeys bo‘yicha hisoblanadigan ma’lumotlar uzatish xizmatining asosiy tarifini o‘zgartirmay saqlab kelmoqda. Bu esa ham iqtisodiy mantiqqa, ham monopoliyaga qarshi tartibga solish talablariga ziddir”, — deyiladi bayonotda.

Humans O‘zbektelekom'ning xalqaro ma’lumotlarni uzatish va xalqaro kanallarni ijaraga berish bozoridagi ustun mavqeini ta’kidlab, davlat kompaniyasi “Raqobat to‘g‘risida"gi qonunning 18-moddasini buzgan va monopol yuqori narx belgilagan deb hisoblaydi.

Kompaniya quyidagi asoslarni keltiradi:

  • xalqaro bozorlarda internet narxi to‘rt baravardan ko‘proq arzonlashdi — 2020-yilda 1 GB uchun $1,34 dan 2023-yilda 1 GB uchun $0,3 gacha;
  • Xalqaro paketli kommutatsiya markazi orqali xizmatlar narxi 45% ga kamaydi;
  • LTEni modernizatsiya qilish va joriy etish hisobiga 4G tarmog‘ida 1 GB tarif narxi sezilarli darajada pasaydi;
  • O‘zbektelekom'ning Gn-interfeys orqali telekommunikatsiya tarmog‘ini taqdim etish xizmatlari uchun bazaviy tarifi 2021-yil iyun oyi darajasida saqlanib qoldi.

Kompaniyada ta’kidlanishicha, internet xizmatlarining bozor narxining pasayishi radiotarmoq infratuzilmasi (LTE), transport va tayanch tarmoqlarining solishtirma qiymatini kamaytirish hisobiga abonent foydasiga solishtirma 1 Mbit/s tezlikni taqdim etish narxining arzonlashishi natijasidir. Bu esa Gn-interfeys orqali ma’lumotlarni uzatish xizmatlari narxining pasayishiga olib kelishi kerak, biroq O‘zbektelekom tarif siyosatida ko‘plab holatlar hisobga olinmagan, deb hisoblaydi Humans.

Virtual mobil operator 2021-yildan beri bir necha marta pasaygan chakana narxlarni raqobatbardosh darajada ushlab turishga majburligini ta’kidlamoqda. Biroq, O‘zbektelekom tomonidan tariflarning o‘zgarmasligi infratuzilma xarajatlari ulushining Humans umumiy tannarxining 58%igacha oshishiga olib keldi, bu esa “biznes modelini zararli qiladi va amalda erkin raqobatni cheklab qo‘yadi”.

“Shu tariqa, narxlarning avvalgi darajasini saqlab qolishning iqtisodiy asosi mavjud emas, bu esa O‘zbektelekom infratuzilma foydalanuvchilarining manfaatlarini kamsitish hisobiga asossiz foyda olayotganidan dalolat beradi”, — deyiladi kompaniyada.

Humans O‘zbektelekom'ning xatti-harakatlarida monopol yuqori narx belgilash orqali o‘z ustun mavqeini suiiste’mol qilish harakatlarini aniqladi, bu quyidagilarda kuzatiladi:

  • avvalgi tarifni saqlab qolishning iqtisodiy asoslari mavjud emasligi;
  • bozor dinamikasini e’tiborga olmaslik;
  • tariflarni qayta ko‘rib chiqishning shaffof mexanizmi mavjud emasligi;
  • Humans raqobatbardoshligini bloklash.

Bundan tashqari, Humans O‘zbektelekom tomonidan “monopol yuqori narxlar” qo‘llanilishi natijasida 2020-yil 22-may va 2020-yil 15-sentabrdagi ikkita shartnoma bo‘yicha qarzdorlik yuzaga kelganini ma’lum qildi.

Narx masalasini hal qilish va qarzni to‘lash jarayonida davlat kompaniyasi Humans’ga 2025-yilning 1-martidan internetga ulanishning umumiy tezligini (Gi-interfeys) 40 Gbit/s gacha pasaytirish va texnik qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatish, 2025-yilning 1-iyunidan esa qarz to‘lanmagan taqdirda xizmat ko‘rsatishni to‘liq to‘xtatish va ishni sudga oshirish to‘g‘risida ogohlantirish xatlarini yubordi. Bundan tashqari, O‘zbektelekom 31-martdan boshlab internet tarmog‘iga ulanish tezligi 30 Gbit/s gacha pasayganini ma’lum qildi.

Kompaniya O‘zbektelekom'ning bu xatti-harakatlari “Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida"gi qonun doirasidan tashqariga chiqishini qayd etdi, chunki o‘tkazuvchanlik qobiliyatining sezilarli darajada pasayishi va texnik qo‘llab-quvvatlashning rad etilishi “aslida telekommunikatsiya xizmatlaridan foydalanishni taqdim etishda kamsituvchi shart-sharoitlarni yaratadi, teng foydalanish tamoyilini buzadi va ustun mavqeni suiiste’mol qilish belgilariga ega"dir.

“Shunday qilib, O‘zbektelekom'ning xatti-harakatlari qarzdorlikni vijdonan undirishga emas, balki telekommunikatsiya bozorida raqobatga to‘sqinlik qiluvchi sharoitlarni yaratishga qaratilgan bo‘lib, bu “Raqobat to‘g‘risida"gi qonun hamda aloqa sohasida raqobat muhitini rivojlantirishning asosiy tamoyillariga ziddir”, — deyiladi kompaniya xatida.

Humans Raqobat qo‘mitasidan O‘zbektelekom tomonidan xizmatlar uchun monopol yuqori narx o‘rnatilgani bo‘yicha monopoliyaga qarshi ish qo‘zg‘atishni, telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatish uchun infratuzilmani ijaraga berish bo‘yicha bozor tahlilini o‘tkazishni, O‘zbektelekom infratuzilmasini ijaraga berish bo‘yicha xizmatlar xarajatlarini iqtisodiy jihatdan tahlil qilishni va bozor tendensiyalari bilan taqqoslashni so‘radi.

Surishtiruv natijalariga ko‘ra, kompaniya ustun mavqeni suiiste’mol qilishga nisbatan choralar ko‘rilishi, suiiste’mollikni bartaraf etish, shu jumladan ma’lumotlar uzatish tezligini tiklash, monopol yuqori narxlarni qo‘llash va tariflarni qayta ko‘rib chiqish, ortiqcha to‘langan summani qaytarish yoki Humans’ning joriy to‘lovlari hisobiga o‘tkazish, O‘zbektelekom'ni internet tarmog‘iga kirish tezligini pasaytirish orqali kamsituvchi shart-sharoitlar yaratgani uchun javobgarlikka tortish to‘g‘risida ko‘rsatma berilishi kutilmoqda.

Raqobat qo‘mitasi Spot so‘roviga javoban, hozirda ko‘rib chiqilayotgan Humans arizasini olganini tasdiqladi. Biroq, qo‘mita o‘rganish ishlari yakunlanguniga qadar qolgan tafsilotlarni ochiqlashdan bosh tortdi.

Bundan oldin ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbektelekom boshqaruvi raisining moliyaviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Akram To‘xtiyorov tomonidan 2024-yil 27-martda imzolangan xat tarqalgandi. Unda Humans kompaniyasidan 532 mlrd so‘mlik qarzdorlikni to‘lash talab qilingan bo‘lib, shundan 361,7 mlrd so‘mi debitorlik qarzi, 170,3 mlrd so‘mi esa penya ekanligi keltirilgan. Biroq Spot mazkur xatning haqiqiyligini tasdiqlash imkoniyatiga ega emas.

Avvalroq Raqobat qo‘mitasi Ucell uyali aloqa operatorining ommaviy ofertasida ma’naviy zarar uchun javobgarlik nazarda tutilmaganini aniqlab, uni qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha ko‘rsatma bergani haqida xabar berilgandi.