Ucell uyali aloqa operatorining ommaviy ofertasi qonunchilik talablariga muvofiqlashtirildi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Qo‘mitaga fuqaro V.K. tomonidan kelib tushgan murojaatda Ucell (Coscom) tomonidan taqdim etilayotgan ommaviy oferta shartlarida ma’naviy zararni qoplash bilan bog‘liq holatlarda iste’molchilar huquqlarini cheklovchi talablar mavjudligi bildirilgan hamda ushbu shartlarni qonunchilikka muvofiqlashtirishda amaliy yordam so‘ralgan.
Tahlillar davomida, Ucell’ning Prepaid tizimida uyali aloqa xizmatlarini taqdim etishga doir ommaviy ofertasida, tomonlar faqat to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazilgan zararlar uchungina javobgar hisoblanishi, shu jumladan ma’naviy zarar va boy berilgan daromad uchun javobgarlik belgilanmagani aniqlandi.
“Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi va “Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida"gi qonunlariga muvofiq xizmat lozim darajada ko‘rsatilmagan hollarda moddiy va ma’naviy zarar qoplanishi shart, iste’molchi huquqlarini cheklovchi shartlar mavjud shartnomalar esa haqiqiy emas deb hisoblanadi.
Qo‘mita tomonidan Ucell’ga ommaviy ofertani qonunchilikka muvofiq qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Natijada, kompaniya shartlarga moddiy va ma’naviy zarar uchun ham javobgarlikni nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritdi.
Yil boshida Raqobat qo‘mitasi reklama qonunchiligini buzgani uchun Coscom’ni jarimaga tortgandi. Mobil aloqa operatori o‘z reklamalarida bo‘rttiruvchi ma’no ifodalaganligi aniqlangan.
Avvalroq Toshkent va Qashqadaryoda Yandex Go orqali asossiz yechib olingan pullar fuqarolarga qaytarilgani haqida xabar berilgandi.