Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari “Yadroviy zarar uchun fuqarolik javobgarligi to‘g‘risidagi Vena konvensiyasiga O‘zbekistonning qo‘shilishi haqida"gi qonun loyihasini qabul qildi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.
Ushbu konvensiya 1963-yilning 21-may kuni Venada qabul qilingan. U yadroviy energiyadan tinch maqsadlarda foydalanish natijasida yetkazilgan zararni moliyaviy himoya qilish uchun minimal standartlarni belgilash orqali tomonlarning milliy qonunchiligini muvofiqlashtirishga qaratilgan.
Konvensiyaga qo‘shilish fuqarolik yadro obyektlarida sodir bo‘lgan hodisalar oqibatida yetkazilgan zarar uchun javobgarlik rejimi, zararni qoplash tartibi, muddatlari va tamoyillarini belgilovchi asosiy normalar O‘zbekiston uchun ham tatbiq etilishi ta’kidlandi. Yadroviy javobgarlik rejimi falokat yuz bergan taqdirda fuqarolarga tovon to‘lanishini ta’minlaydi.
Shuningdek, yadroviy qurilmalar operatorining aniq majburiyatlari hamda yuzaga kelgan yadroviy zarar uchun ularning javobgarligi belgilanib, zararni qoplash uchun ishonchli moliyaviy kafolatlar yaratiladi.
Deputatlar bu milliy yadro xavfsizligi tizimiga ishonchni oshirishi, xalqaro hamkorlikni mustahkamlashi va yadroviy javobgarlik sohasidagi standartlarga rioya etilishini ta’minlashini qayd etdilar.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilinib, Senatga yuborildi. Hujjat yuqori palata tomonidan ma’qullangach, prezident uni imzolaydi.
2024-yilning kuzida O‘zbekiston mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiyani ratifikatsiya qilgan. Mazkur hujjat ishchilarni faoliyati davomida baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklaridan himoya qilishga qaratilgan.
Avvalroq ish vaqtidan tashqari ishning yillik cheklovini olib tashlash taklif etilgani haqida xabar berilgandi.