28-may kuni Oliy Majlis Senatining yettinchi yalpi majlisida O‘zbekistonda gibrid avtomobillardan ekologik sertifikat talab etilishi masalasi ko‘rib chiqildi.

Senator Anvar To‘ychiyev may oyi boshida Yevro-5 yoki Yevro-6 ekologik standartidagi elektrodvigatellar bilan jihozlangan gibrid avtomobillarni rasmiylashtirishda bojxona organlari Yevro-4 ekologik toifasidan kam emasligini tasdiqlovchi sertifikat talab qilgani e’tirozlarga sabab bo‘lgani, bu bo‘yicha Ekologiya vazirligiga so‘rov hamda Bojxona qo‘mitasiga xat chiqarilganini qayd etdi.

To‘ychiyevning ta’kidlashicha, vazirlik tomonidan bildirilgan javob xatida senator so‘roviga to‘liq javob berilmagan, ayrim masalalar ochiq qolib ketgan. Bu mamlakatga olib kirilayotgan M va N toifasidagi elektrodvigatelli gibrid avtomobillarini rasmiylashtirish holati, ekologik sertifikat olish talabi qo‘yilayotgani yoki yo‘qligiga aniqlik kiritishni nazarda tutadi.

Majlisda senator so‘rovi bo‘yicha Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirining birinchi o‘rinbosari Obidjon Qudratov javob berdi.

U hukumatning 2020-yil 30-yanvardagi 50-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizom O‘zbekistonga olib kirilayotgan gaz, benzin va dizel yoqilg‘isida harakatlanuvchi Yevro-4 toifasidagi avtomobillarni ekologik sertifikatlashdan o‘tkazish belgilanganini ta’kidladi. Elektrodvigatellar bilan jihozlangan avtomobillar esa bundan mustasno.

avtomobillar, elektromobillar, gibrid avtomobillar, senat

Foto: Oliy Majlis Senati. Ekologiya vazirining birinchi o‘rinbosari Obidjon Qudratov

Qudratov hujjatda gibrid transport vositalari uchun istisno belgilanmaganini, hozirda bunga aniqlik kiritish uchun Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi ishlab chiqilganini ma’lum qildi. Yangi hujjat gibrid avtomobillardan ekologik sertifikat talab etilmasligini belgilaydi. Loyiha vazirlik va idoralar bilan kelishilgan, Adliya vazirligi tomonidan huquqiy ekspertizadan o‘tkazilgach, hukumatga kiritiladi.

Shuningdek, vazirning birinchi o‘rinbosari hozirda bu turdagi avtomobillardan eko-sertifikatlar talab etilmayotganini ta’kidladi. Senat raisi Tanzila Norboyeva gibrid avtomobillardan to‘lov undirilishi tartibi “to‘g‘rimi, yoki notoo‘g‘rimi?” degan savolni o‘rtaga tashladi.

“Odamlarimizda ham shu savol tug‘ilgan, bunga javob ololmayapmiz. Hozir umumiy gapiryapsiz, lekin to‘lov masalasida aniq javob ayting. Odamlardan esa to‘lov undirilgan”, — dedi Norboyeva Qudratovga yuzlanib.

Obidjon Qudratov esa bugungi kunda sertifikatlash talabi qo‘yilmagani, bu masala yuzaga chiqqan vaqtda vazirlik tomonidan tegishli xat va ko‘rsatmalar berilganini, Bojxona qo‘mitasi bilan kelishib olinganini, to‘lov undirilmasligini bildirdi. Bunga aniqlik kiritish uchun qaror loyihasi bilan gibrid avtomobillar uchun ekologik sertifikat talab qilinmasligi belgilab qo‘yilmoqda.

Senat raisi qonunchilikda tushunmovchilik mavjud bo‘lsa, uni tuzatish kerakligini ta’kidladi. “Odamlarda ayb yo‘q-ku, to‘lov kerak yoki yo‘q — ular aniq bilishi zarur. Yo ha, yo yo‘q. Hozir bu masalada aniqlik yetishmayapti”, — dedi Norboyeva.

Bojxona qo‘mitasi vakili bojxona organlari tomonidan hozirgi kunda gibrid avtomobillari uchun ekologik sertifikat talab qilinmayotgani, biroq, senator so‘rovi yuborilgunga qadar undirilgan to‘lovlar Ekologiya vazirligiga borib tushishi hamda bu masalaga aniqlik kiritilishini ma’lum qildi.

Tanzila Norboyeva “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘grisida"gi qonunning 18-moddasiga muvofiq inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etilishini eslatib, Ekologiya vazirligi va Bojxona qo‘mitasini fuqarolar murojaatlarini shu nuqtayi nazardan ko‘rib chiqishga chaqirdi.

Gap nima haqida?

1-may kuni autodeklarant Telegram-kanalida elektromobil sifatida rasmiylashtirilayotgan gibrid avtomobillaridan Yevro-4 ekologik toifasidan past emasligini tasdiqlovchi ekologik sertifikat talab qilinayotgani haqida post e’lon qilindi. Bungacha esa elektromobil sifatida bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkaziladigan avtomobillardan faqat muvofiqlik sertifikati so‘ralgan.

“Eng achinarlisi, tekshiruvchilarda ekologik zararni tekshiruvchi texnikaning o‘zi mavjud emas. Amaldagi tartib bo‘yicha ishlab chiqaruvchining rasmiy xati ekologik sertifikat berish uchun asos bo‘ladi. Bundan tashqari, ekologik sertifikat bir modeldagi avtomobilning barchasi uchun emas, aksincha, har bir dona avtomobil uchun alohida olinadi va har bir donasi uchun 2 mln so‘mdan ko‘proq to‘lov qilinishi kerak”, deyiladi xabarda.

3-mayga kelib, autodeklarant kanali muallifi Azizbek Berdiyev bojxona xodimlariga tayanib, endilikda elektromobil sifatida rasmiylashtirilayotgan gibrid avtomobillardan ekologik sertifikat olish talab etilmasligini ma’lum qildi. “Amaldagi holatga qaytdi, ekologikk sertifikatsiz rasmiylashtirish ishlari boshlab yuborilgan” dedi u.

Undan keyin senator Anvar To‘ychiyev gibrid avtomobillardan ekologik sertifikat talab etilayotgani yuzasidan Ekologiya vazirligiga so‘rov yubordi.

Avvalroq O‘zbekiston aprel oyida avtomobil importini 1,31 barobar, elektromobillarni esa 6,8 barobarga oshirgani haqida xabar berilgandi.