Dubayda Qambarota GES-1 loyihasi yuzasidan ikkinchi vazirlar davra suhbati o‘tkazildi. Bu haqda ekonomist.kg nashri xabar berdi.

Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston vakillari Jahon bankiga mintaqadagi eng yirik energetika loyihasini tayyorlashda texnik va ekspert yordamini so‘rab murojaat qilishdi.

Qirg‘izistonning Norin daryosidagi 1860 MVt quvvatga ega Qambarota GES-1 Markaziy Osiyoning energetik xavfsizligini mustahkamlashga qodir strategik obyekt sifatida qaralmoqda.

Ishtirokchi mamlakatlar Jahon bankidan texnik-iqtisodiy asoslarni yangilash, ekologik va ijtimoiy baholashni o‘tkazish, shuningdek, barqaror moliyaviy modelni ishlab chiqishda yordam berishni so‘radi.

Muhokamalarda uch davlat energetika vazirlari va Jahon banki rahbariyati ishtirok etdi. Bank vakili Tatyana Proskuryakova mintaqadagi hamkorlik darajasini ta’kidlab, qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar loyihani tayyorlash bo‘yicha keyingi qadamlar to‘g‘risida kelishib oldi. Qambarota GES-1 loyihasini amalga oshirishni boshlash 2025-yilga rejalashtirilgan.

2024-yil iyun oyida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston Qambarota GES-1 qurilishiga tayyorgarlikni boshlashga kelishib olgandi.

Venada bo‘lib o‘tgan Qirg‘iziston energetika forumida uch mamlakat energetika idoralari rahbarlari kelishuv imzoladi.

Bitim “yashil” energiya sohasida hamkorlikni rivojlantirishni nazarda tutadi. Tomonlar gidroelektr stansiyasi loyihasida suv-energetika resurslaridan foydalanishning o‘zaro maqbul mexanizmlarini ishlab chiqishni rejalashtirmoqda.

2023-yil yanvar oyida O‘zbekiston va Qozog‘iston Qirg‘izistonda GES qurilishiga qo‘shildi. Qambarota GES-1 mamlakatning eng yirik elektr stansiyasiga aylanishi va qo‘shni davlatlarni energiya bilan ta’minlashi kerak.

Qozog‘iston hukumati aprel oyida gidroelektr stansiyasini qurish bo‘yicha qo‘shma kompaniya yaratish bo‘yicha hukumatlararo kelishuv loyihasini taqdim etgandi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston va Qozog‘iston 33%dan, Qirg‘iziston 34%dan ulushga ega bo‘ladi.


Avvalroq Spot Jahon banki O‘zbekistonda irrigatsiya infratuzilmasini yaxshilash uchun $200 mln kredit ajratishi haqida yozgandi.

Mablag‘lar irrigatsiya va drenaj infratuzilmasini modernizatsiya qilish, shuningdek, fermerlarga irrigatsiya xizmatlarini ko‘rsatish sifatini oshirish loyihasini amalga oshirish uchun yo‘naltiriladi.