Rossiya Raqamli texnologiyalar vazirligi VPN xizmatlaridan foydalanish bo‘yicha yagona siyosatni ishlab chiqmoqchi. Bu haqda vazirlik rahbari Maqsud Shadayev TAdviser Summit’da ma’lum qildi.
Vazirning aytishicha, bu sohadagi “yo‘nalishlar” yaqin olti oy ichida ma’lum bo‘ladi. Shadayev aniq siyosat ishlab chiqish zarurligini ta’kidladi.
“VPN bo‘yicha yagona qoidalarni kelishib olish vaqti keldi”, — deya vazirrning so‘zlarini keltiradi Interfaks nashri.
Shadayevning ta’kidlashicha, Rossiyada VPN trafigining ulushi ortib bormoqda. Roskomnadzor milliy qonunchilik talablarini bajarmaydigan xizmatlar bilan kurashmoqda.
“Shu bilan birga, ko‘pincha [kompaniyalar] uchun zarur bo‘lgan korporativ VPN ham bu jarayonga aralashib qolmoqda”, — dedi Shadayev.
Uning qo‘shimcha qilishicha, vazirlik aniq tafsilotlarni kuzga yaqinroq vaqtda ma’lum qiladi.
2024-yil 1-martidan Rossiyada VPN xizmatlarini reklama qilish taqiqlanishi haqida xabar berilgandi.
Keyinchalik Roskomnadzor 2024-yil 30-noyabrdan boshlab Rossiyada blokirovkalarni chetlab o‘tish uchun ishlatiladigan VPN-servislar haqidagi ilmiy va statistik ma’lumotlarni e’lon qilgan saytlarni bloklashni boshlashi haqida e’lon qildi.
Taqiq bo‘yicha tegishli buyruq huquqiy axborot portalida e’lon qilindi va u 2029-yil 1-sentabrgacha amal qiladi.
Buyruq matniga ko‘ra, ilmiy va texnik materiallar, shuningdek, bloklangan resurslarga kirish uchun VPNdan foydalanish bilan bog‘liq ma’lumotlar taqiqlanadi.
Himoyalangan masofaviy kirishni ta’minlash uchun ishlatiladigan VPN haqidagi ma’lumotlar bundan mustasno.
Qayd etilishicha, ushbu cheklovlar blokirovkalarni chetlab o‘tish texnologiyalari ommalashuvining oldini olishga qaratilgan.
O‘tgan yilning oktabrida esa “Roskomnadzor” taqiqlangan saytlarga kirishni ta’minlovchi VPN xizmatlari bloklashi haqida ma’lum qildi.
Avvalroqn Spot YouTube rossiyalik foydalanuvchilardan VPN haqidagi videoni o‘chirishni so‘ragani haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, foydalanuvchi bunday videoni mustaqil ravishda o‘chirmasa, kompaniya kontentni bloklashga majbur bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.