8-iyundan Toshkent yer usti metrosining ayrim bekatlari oralig‘ida poyezdlar harakati vaqtincha to‘xtatiladi. Bu haqda Toshkent metropoliteni matbuot xizmati xabar berdi.

Xorij tajribasida yangi qurilgan metro yo‘nalishlarida yer usti estakadalari va bekatlari ma’lum muddat foydalanishdan so‘ng, rejali profilaktik ishlar amalga oshirilishi qayd etildi. Bu metro poyezdlar harakati va yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash hamda sifatli xizmat ko‘rsatishga qaratilgan.

Shundan kelib chiqib, Yer usti halqa yo‘li yo‘nalishining Texnopark-Qipchoq bekatlari oralig‘ida bosqichma-bosqich 3 oy muddatga mo‘ljallangan rejali profilaktik ishlar amalga oshirilishi ma’lum qilindi.

Profilaktik ishlar 8-iyundan boshlanib, uning doirasida 2 ta bekat — Turon (13-bekat) va Qipchoq (14-bekat) bekatlari oralig‘ida metro poyezdlar harakati to‘xtatiladi.

Yo‘lovchilarga noqulaylik keltirmaslik uchun Qipchoq-Quruvchilar-Qipchoq metro bekatlari oralig‘ida bepul xizmat ko‘rsatuvchi katta sig‘imli avtobuslar (metrobus) harakati yo‘lga qo‘yiladi.

Toshkent metropoliteni matbuot xizmatining qayd etishicha, ushbu avtobuslarning kunlik ish vaqti tongi 05:00 dan tungi 23:00 ga qadar amalga oshiriladi. Kompaniya keltirilgan noqulayliklar uchun yo‘lovchilardan uzr so‘radi.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyevga Toshkent metropolitenini rivojlantirish rejalari bilan tanishgani haqida xabar berilgandi. Metroni Toshkent traktor zavodi dahasigacha uzaytirish bo‘yicha tayyorlangan yangi taklifga ko‘ra, loyihani ikki bosqichda amalga oshirish rejalashtirilmoqda.