Humans Group xalqaro xoldingi tarkibiga kiruvchi va Humans kompaniyasining O‘zbekistondagi biznesiga egalik qiluvchi Singapurning Humans Mobile Ltd. kompaniyasi Jahon banki huzuridagi Investitsiya nizolarini hal qilish bo‘yicha xalqaro markazda (ICSID) O‘zbekistonga qarshi arbitraj jarayonini rasman boshladi. 30-maydagi tegishli da’vo arizasi (ICSID Case No. ARB/25/24) bazada ro‘yxatga olingan va “ko‘rib chiqilmoqda”. Javobgar — Adliya vazirligining O‘zbekiston manfaatlarini huquqiy himoya qilish boshqarmasi.

O‘zbekiston va Singapur hukumatlari o‘rtasida 2003-yil 15-iyulda imzolangan va 2003-yil 23-noyabrdan kuchga kirgan Investitsiyalarni rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risidagi ikki tomonlama bitim qoidalarining buzilishi da’vo arizasi berishga asos bo‘lmoqda.

Arbitraj muhokamasiga davlat organlari va kompaniyalari, jumladan, O‘zbekiston Markaziy banki va “O‘zbektelekom” kompaniyasining xatti-harakatlari sabab bo‘lgan. Shu sabab, Humans Mobile bir qator davlat organlarining harakatlari bilan unga yetkazilgan zararni qoplashni talab qilmoqda.

2024-yilning sentabrida Markaziy bank Humans kompaniyasiga tegishli UPay brendiga ega Maroqand to‘lov tashkiloti faoliyatini olti oyga cheklab qo‘ydi, bu esa uning bank hisobvarag‘idan foydalangan holda to‘lovlarni qabul qilish va o‘tkazish xizmatlari cheklandi. Oktabr oyi oxirida Markaziy bankning o‘sha vaqtdagi raisi Mamarizo Nurmuratov fuqarolarning pullari bukmekerlik kompaniyalariga noqonuniy o‘tkazilgani sababli Maroqand litsenziyasi vaqtincha to‘xtatilganini tushuntirgandi.

Joriy yilning 26-mart kuni Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi Maroqand to‘lov tashkilotining ayrim operatsiyalarini cheklash to‘g‘risida ilgari qabul qilingan qarorni bekor qildi. Regulyator xabari 17-aprel kuni tahrirlangan.

May oyida Humans Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasidan O‘zbektelekom'ga nisbatan monopoliyaga qarshi ish ochishni so‘radi. Kompaniyaning qayd etishicha, davlat operatori qarzdorlik tufayli Humans uchun internet tezligini pasaytirib, xizmatlarga “monopol yuqori narx” belgilagan va kamsituvchi sharoitlar yaratgan.

“Biz O‘zbekistonga va uning fuqarolariga doimo ishonganmiz va ishonamiz. Biz prezidentning iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, raqamlashtirish va tadbirkorlik erkinliklarini kengaytirish borasida amalga oshirayotgan sa’y-harakatlariga tan beramiz. Transformatsiya yo‘lida erkin bozorni yaratish, ochiqlikni oshirish va o‘sishni jadallashtirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni susaytiradigan qarshilar ham uchrashini tushunamiz. Biz O‘zbekistonning qonun ustuvorligi va amaldorlar zo‘ravonligisiz o‘zgarishi tarafdorimiz”, — deya izoh berdi Humans Group bosh direktori va asoschisi Vladimir Dobrinin.

U arbitraj muhokamasi “investorlar o‘z manfaatlarini insofsiz ma’muriyatchilikdan himoya qilishning madaniyatli vositasi”, deya qayd etdi. Humans sud muhokamasi “adolatli tartibga solish tamoyillarini mustahkamlash va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga” xizmat qiladi deb hisoblab, zararni qoplashni talab qilmoqda, ammo uning miqdori ko‘rsatilmagan.