Toshkent shahar transport bosh boshqarmasi Qurbon hayiti kuni poytaxtda jamoat transporti qanday harakatlanishi ma’lum qildi.

6-iyun, juma kuni Qurbon hayiti munosabati bilan Toshkent shahridagi avtobus yo‘nalishlari va metropoliten soat 03:00 dan o‘z harakatini boshlaydi.

“Bu qaror jamoat transporti orqali hayit namozida ishtirok etishni rejalashtirayotgan fuqarolar uchun qulaylik yaratish maqsadida qabul qilindi”, deyiladi xabarda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi qoshidagi Fatvo markazi hijriy 1446-yil Zulhijja oyining birinchi kuni 28-may, chorshanba kuniga to‘g‘ri kelganini ma’lum qildi.

Undan keyin, prezident qarori bilan O‘zbekistonda Qurbon hayitining birinchi kuni etib 6 iyun belgilandi. Aholiga qulaylik yaratish maqsadida 7-iyun — shanba kuni haftasiga 6 kun ishlaydigan xodimlar uchun qo‘shimcha dam olish kuni etib belgilandi.

Shundan kelib chiqib, bayramda dam olish kunlari quyidagicha bo‘ladi:

  • 6-iyun (juma) — Qurbon hayiti, barcha uchun dam olish kuni;
  • 7-iyun (shanba) — 5 kunlik ish haftasida ishlovchilar uchun ham 6 kunliklar uchun ham dam olish kuni;
  • 8-iyun (yakshanba) — barcha uchun dam olish kuni.

Avvalroq Xitoy Eksimbanki Toshkent uchun 200 ta elektrobus xarid qilishga mablag‘ ajratishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. Fevral oyida Xitoyning Yutong kompaniyasi poytaxt jamoat transporti uchun elektrobus yetkazib berish bo‘yicha tenderda g‘olib chiqqandi.