Avvalroq Spot Humans Group xalqaro xoldingi tarkibiga kiruvchi va Humans’ning O‘zbekistondagi biznesiga egalik qiluvchi Singapurning Humans Mobile Ltd. kompaniyasi Jahon banki huzuridagi Investitsiya nizolarini hal qilish bo‘yicha xalqaro markazda (ICSID) O‘zbekistonga qarshi arbitraj jarayonini rasman boshlagani haqida yozgandi. U davlat organlaridan ko‘rilgan zararni qoplashni talab qilmoqda
Markaziy bank arbitraj muhokamasi bo‘yicha rasmiy munosabat bildirib, Humans Mobile Pte Ltd O‘zbekiston davlat organlari va idoralari, shu jumladan Markaziy bankning harakati bilan joriy yil 20-mayda xalqaro markazga O‘zbekistonga nisbatan arbitraj jarayonlarini boshlash uchun ariza kiritganini tasdiqladi.
Bunga 2003-yil 15-iyuldagi Singapur va O‘zbekiston hukumatlari o‘rtasida investitsiyalarni rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risidagi bitimning ayrim talablari buzilganligi asos bo‘lmoqda.
“Da'vogarning arizasi xalqaro arbitraj markazi tomonidan ish yurituviga qabul qilinib hozirda arbitraj nizosini mazmunan ko‘rib chiqishga tayyorlash bosqichida ekanligi bildirilgan holda, ish jarayonlaridan kelib chiqib qo‘shimcha tafsilotlar berib borilishi ma’lum qilinadi”, — deyiladi regulyator xabarida.
2024-yilning sentabrida Markaziy bank Humans kompaniyasiga tegishli UPay brendiga ega Maroqand to‘lov tashkiloti faoliyatini olti oyga cheklab qo‘ydi. Natijada, bank hisobvarag‘i orqali to‘lovlarni qabul qilish va o‘tkazish xizmatlari cheklandi. Oktabr oyi oxirida Markaziy bankning o‘sha vaqtdagi raisi Mamarizo Nurmuratov fuqarolarning pullari bukmekerlik kompaniyalariga noqonuniy o‘tkazilgani sababli Maroqand litsenziyasi vaqtincha to‘xtatilganini tushuntirgandi.
Joriy yilning 26-mart kuni Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi Maroqand to‘lov tashkilotining ayrim operatsiyalarini cheklash to‘g‘risida ilgari qabul qilingan qarorni bekor qildi. Regulyator xabari 17-aprel kuni tahrirlangan.
Shuningdek, regulyatorning aniqlik kiritishicha, o‘sha vaqtda to‘lov tashkiloti faoliyatida aniqlangan holatlarga huquqiy baho berish uchun tegishli hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilgan.
May oyida Humans Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasidan O‘zbektelekom'ga nisbatan monopoliyaga qarshi ish ochishni so‘radi. Kompaniyaning qayd etishicha, davlat operatori qarzdorlik tufayli Humans uchun internet tezligini pasaytirib, xizmatlarga “monopol yuqori narx” belgilagan va kamsituvchi sharoitlar yaratgan.
Avvalroq Markaziy bank mikroqarz olishda minimal daromad miqdorini belgilashni taklif qilgani haqida xabar berilgandi.