The Washington Post uchinchi tomon maqolalari uchun SI muharririni joriy qiladi. Bu haqda The New York Times nashri xabar berdi.

Gazeta “Fikrlar” bo‘limidagi mualliflar ro‘yxatini sezilarli darajada kengaytirmoqchi. Buning uchun bir yildan beri Ripple nomli sun’iy intellekt yordamida tahrirlash dasturi ishlab chiqilmoqda.

Shtatda matn yozish bo‘yicha “sun'iy intellekt murabbiy” joriy etiladi. U hikoyaning ta’sirchanligini baholab, maslahatlar beradi, yo‘naltiruvchi savollar qo‘yadi va ishonchli dalillar kiritishni taklif qiladi.

Gazeta “keng qamrovli fikrlar majmuasiga ehtiyoj sezadigan” ko‘proq o‘quvchilarni jalb etish orqali daromadni ko‘paytirish va xarajatlarni qisqartirishni rejalashtirmoqda.

Tahririyat frilans platformalardagi jurnalistlar hamda “kasbiy bo‘lmagan mualliflar” bilan hamkorlik qiladi.

Qayd etilishicha, boshlang‘ich bosqichda sun’iy intellekt bilan ishlashdan so‘ng, matnni odam muharrirlar ko‘rib chiqadi.

2025-yil fevralida The Washington Post gazetasi egasi Jeff Bezos 2022-yildan beri fikrlar bo‘limini boshqargan muharrir Devid Shipli o‘z lavozimini tark etayotganini e’lon qildi. Bunga sabab, gazeta “shaxsiy erkinliklarga qaratilgan yangi yo‘nalishni” tanlaganligidir.


Avvalroq Spot Abu-Dabida dunyodagi birinchi sun’iy intellektli shahar qurilishi haqida yozgandi.

Qurilish qiymati $3,3 mlrd baholanayotgan sun’iy intellekt texnologiyalari bilan to‘liq integratsiyalashuvchi shaharni 2027-yilda ishga tushirish rejalashtirilgan.

Shuningdek, Saudiya Arabistonida dunyodagi birinchi shifokorlarsiz klinika ochilgani haqida xabar berilgandi.

Bemorlarni Hua ismli intellekt shifokori qabul qiladi, planshet orqali shikoyatlarni to‘playdi, tibbiy ko‘rsatkichlarni tahlil qiladi va davolash rejasini beradi.