UzAuto Motors Chevrolet brendi avtomobillarini onlayn xarid qilish imkonini beruvchi UzAutoSavdo platformasining yangilangan versiyasini ishga tushirdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
“Tizim funksionalligini yaxshilash hamda saytning shaffof va xavfsiz ishlashini ta’minlash maqsadida” amalga oshirilgan yangilanishlar doirasida foydalanuvchilar uchun tushunarli hamda intuitiv interfeys yaratildi.
Endilikda ro‘yxatdan o‘tish va tizimga kirish jarayonlari soddalashtirilgan tartibda amalga oshiriladi. Platforma dizayni barcha qurilmalarga moslashadi, unda yaxshilangan vizualizatsiyasi, mavjud avtomobillar katalogining kengaytirilgan shakli keltirilgan. Shuningdek, navigatsiya tizimi takomillashtirilib, axborot tuzilmasi yaxshilandi.
Platformadagi asosiy o‘zgarishlardan biri shartnomani to‘liq masofadan turib rasmiylashtirish imkoniyatining yaratilgani bo‘ldi. Endi mijozlar tanlangan avtomobilga shartnoma olish bilan birga, unga to‘lovlarni onlayn amalga oshirishlari mumkin. Bu orqali dilerlik markaziga faqat avtomobilni qabul qilib olish uchun borish kerak bo‘ladi.
“Avval UzAutoSavdo platformasi orqali avtomobillar uchun onlayn to‘lov funksiyasi mavjud emas edi. Ushbu opsiya mijozlarimiz uchun yangi imkoniyatdir. Xaridorlarga qulaylik yaratish maqsadida dilerlik markaziga tashrif buyurish orqali shartnoma to‘lovini amalga oshirish imkoniyati saqlanib qolmoqda”, — deya izoh berdi UzAuto Motors matbuot xizmati Spot’ga.
Hozirda sayt test rejimida ishlamoqda. Avtomobil ishlab chiqaruvchisi “tez orada” platformada test-drayvga yozilish va avtomobilga texnik xizmat ko‘rsatish uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tish funksiyalari qo‘shilishini ma’lum qildi.
2023-yilning dekabr oyi oxirida UzAuto Motors Chevrolet Cobalt, Damas va Labo modellari uchun shartnomalar qayta tiklanganini e’lon qildi. Avtomobil sotib olish uchun shartnomani faqat onlayn rasmiylashtirish mumkin edi, chunki Chevrolet dilerlik markazlari savdo tizimidan o‘chirilib, avtosalonlarning barchasi yopilgandi.
Avvalroq UzAuto Motors Malibu XL avtomobili uchun kontraktatsiyani qayta ochib, 42 daqiqada shartnoma berishni yakunlagani haqida xabar berilgandi.