“UzAuto Motors” uchta ommabop avtomobillar uchun onlayn kontraktatsiyani ochadi, deya xabar bermoqda kompaniya matbuot xizmati.

Joriy yilning 22-dekabr kuni soat 12:00da 2024-yilda ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan “Cobalt”, “Damas” hamda “Labo” modellari uchun shartnoma berish boshlanadi.

Mazkur avtomobillar narxlari quyidagicha:

  • “Cobalt” — 124 264 000 so‘mdan;
  • “Damas” — 93 156 000 so‘mdan;
  • “Labo” — 93 771 000 so‘mdan.

Endilikda kontraktatsiyani avtosalonlardan emas, faqat onlayn tarzda “UzAutoSavdo” ilovasi (iOS/Android) va savdo.uzavtosanoat.uz sayti orqali rasmiylashtirish mumkin.

Shu kunlarda barcha “Chevrolet” dilerlik markazlari savdo tizimidan o‘chirilib, avtosalonlarning barchasi yopiq bo‘ladi.

Onlayn shartnomani qanday tuzish bo‘yicha yo‘riqnoma bilan bu yerda tanishish mumkin.

Avvalroq “UzAuto Motors” to‘liq onlayn savdoga o‘tishi ma’lum qilingandi. Noyabr oyi boshida ochilgan kontraktatsiya jarayonida kompaniya rasmiy sayti va mobil ilovasida texnik nosozliklar, dilerlik markazlarida esa tartibsizliklar yuzaga kelgandi.