Osiyo taraqqiyot banki (OTB) Qirg‘izistondagi Qambarota GES-1 qurilishining birinchi bosqichiga $150 mlngacha ajratishni ko‘rib chiqadi, deya xabar berdi Qirg‘iziston Energetika vazirligi bank rahbariyati bilan muzokaralar yakunida.

Vazirlikning fikricha, OTB loyihani moliyaviy, ekspert va texnik qo‘llab-quvvatlashda muhim rol o‘ynashi mumkin.

Uchrashuv davomida tomonlar investitsiyaviy hamkorlik shartlari, loyihaning boshqa potensial ishtirokchisi — Jahon banki bilan moliyalashtirish bosqichlarini kelishish masalalarini muhokama qildilar.

Qirg‘iziston Energetika vazirligi vakillari elektr stansiyasini qurish katta sarmoya va ishonchli hamkorlarning ishtirokini talab qilishini ta’kidladilar.

Avvalroq O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston Jahon bankidan Qambarota GES-1 qurilishi uchun yordam so‘ragani haqida xabar berilgandi.

Tomonlar energetika loyihasini tayyorlashda texnik-iqtisodiy asoslarni yangilash, shuningdek, barqaror moliyaviy modelni ishlab chiqishda yordam so‘rab murojaat qilishgan.

Qayd etilishicha, bank vakili Tatyana Proskuryakova mintaqadagi loyihani qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirgan.

Uchrashuv yakunida tomonlar loyihani tayyorlash bo‘yicha keyingi qadamlar to‘g‘risida kelishib oldi. Qambarota GES-1 loyihasini amalga oshirishni boshlash 2025-yilga rejalashtirilgan.

2024-yil iyun oyida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston Qambarota GES-1 qurilishiga tayyorgarlikni boshlashga kelishib olgandi.

Venada bo‘lib o‘tgan Qirg‘iziston energetika forumida uch mamlakat energetika idoralari rahbarlari kelishuv imzoladi.

Bitim “yashil” energiya sohasida hamkorlikni rivojlantirishni nazarda tutadi. Tomonlar gidroelektr stansiyasi loyihasida suv-energetika resurslaridan foydalanishning o‘zaro maqbul mexanizmlarini ishlab chiqishni rejalashtirmoqda.

2023-yil yanvar oyida O‘zbekiston va Qozog‘iston Qirg‘izistonda GES qurilishiga qo‘shildi. Qambarota GES-1 mamlakatning eng yirik elektr stansiyasiga aylanishi va qo‘shni davlatlarni energiya bilan ta’minlashi kerak.

Qozog‘iston hukumati aprel oyida gidroelektr stansiyasini qurish bo‘yicha qo‘shma kompaniya yaratish bo‘yicha hukumatlararo kelishuv loyihasini taqdim etgandi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston va Qozog‘iston 33%dan, Qirg‘iziston 34%dan ulushga ega bo‘ladi.