O‘zbekistonda yangi tuzilma — Kichik biznes uyushmasi paydo bo‘ldi. Bu tashabbus joriy yilning mart oyida Shavkat Mirziyoyevning kichik va o‘rta biznes vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvida bildirilgan. Davlat rahbari bu taklifni qo‘llab-quvvatladi.
Uyushma tadbirkorlar raqobatbardoshligini oshirish, yangi bozorlarga chiqish, standartlashtirish, yangiliklarga o‘qitish, brend yaratish hamda startaplarni ko‘paytirishga yordam beradi.
Undan keyin ta’lim va ijtimoiy tashabbuskorlik sohasida ko‘p yillik tajribaga ega tadbirkor Kamolat Mirzaliyeva uyushma rahbari etib tayinlandi. Uni rahbarlik lavozimiga biznes hamjamiyati a’zolarining o‘zlari nomzod qilib ko‘rsatishdi.
Kamolat Mirzaliyeva Spot bilan suhbatda tadbirkorlar qanday muammolarga duch kelayotgani, uyushma ishni qanday yo‘lga qo‘yishni rejalashtirayotgani va qanday yordam berishga tayyorligi haqida so‘zlab berdi.
Aaron Academy Kids ixtisoslashtirilgan maktabi ta’sischisi hamda Chilla Uyi tiklanish va reabilitatsiya markazi rahbari.
Biznesda qanday muammolar uchraydi?
Eng avvalo, bu ma’lumot yetishmasligi masalasidir. Qonunchilik faol ravishda yangilanmoqda, yangi imtiyoz va preferensiyalar joriy etilmoqda, tartib-qoidalar soddalashtirilmoqda. Shunga qaramay, kichik biznes ko‘pincha bulardan qanday foydalanishni bilmaydi. Tadbirkorlar me’yoriy o‘zgarishlarni kuzatish bilan emas, balki ishlab chiqarish va savdo bilan band.
Ikkinchi muammo — resurslarning cheklanganligi. Har bir kichik biznes yurist, buxgalter, marketologni topishga qiynaladi. Busiz esa bugungi kunda raqobatbardosh bo‘lish qiyin.
Uchinchisi — global inqiroz ta’siri. Biz tashqi konyunktura qanday o‘zgarayotgani, yirik eksportchilar Markaziy Osiyoga yo‘naltirilayotganini ko‘rib turibmiz. Bu mahalliy biznesga, ayniqsa kichik biznesga nisbatan bosimni yuzaga keltirib chiqaradi. Narxlarning o‘zgarishi, raqobatning kuchayishi, moliyaviy yostiqning cheklanganligi — bularning barchasi eng zaif qatlamga kuchli zarba beradi.
Aynan shuning uchun uyushma tashkil etildi: biznes tilida gaplashish, imkoniyatlardan qanday foydalanishni tushuntirish, kichik va o‘rta biznes manfaatlarini himoya qilish, yangi chaqiriqlarga moslashishga yordam berish va yangi bozorlarni ochish.
Uyushma nima bilan shug‘ullanadi?
Biz “qog‘ozdagi” tashkilot bo‘lishni istamaymiz. Uyushmani har oyda nima qilayotganimiz, kim bilan hamkorlik qilayotganimiz, qanday natija olganimiz aniq bo‘lgan ish tizimi sifatida quramiz. Bizning vazifamiz davlat organlarining funksiyalarini takrorlash emas, balki biznesga mavjud imkoniyatlardan qanday foydalanishni tushuntirishdir. Biz qonunlar va islohotlarni huquqiy tildan tadbirkor tiliga “tarjima qiladigan” vositachi bo‘lishni maqsad qilganmiz.
Assotsiatsiya bir necha yo‘nalishda ish olib boradi. Biz yuridik departament tashkil etmoqdamiz. Uning vazifasi qonunlar, qarorlar, farmonlarni tahlil qilish va qayerda me’yoriy bazani kichik biznes manfaatlariga moslashtirish yoki takomillashtirish kerakligini aniqlashdir. Biz takliflarni shakllantirib, tegishli idoralarga yuboramiz.
Biz, shuningdek maslahat va o‘qitish xizmatlarini ham taqdim etamiz. Bu shunchaki ma’ruza emas — biz real keyslar asosida ishlashni xohlaymiz. Aytaylik, Andijonda yarmarka o‘tkazdik, unda tadbirkorlar bir kunda 200 mln so‘mlik shartnomalar imzoladilar. Ularning ko‘pchiligi ilgari saytga ega bo‘lmagan, mahsulotni qanday targ‘ib qilishni bilmagan. Biz ularga o‘z salohiyatlarini ko‘rishga yordam beramiz.
Hozirda mamlakatimizda yangi sharoitlar yaratilmoqda, jumladan, 50 mln so‘mgacha garovsiz kreditlar, ayol tadbirkorlar uchun imtiyozli foiz stavkalari joriy etilmoqda. Biz tadbirkorlarga ushbu imkoniyatlardan foydalanishda, hujjatlarni rasmiylashtirish va moliyaviy resurslarga ega bo‘lishda ko‘maklashamiz.
Bularning barchasi qanday ishlaydi?
Bugungi kunda davlat sharoit yaratmoqda: imtiyozlar taqdim etmoqda, sertifikatlashni soddalashtirmoqda, to‘siqlarni kamaytirmoqda, bojxona va soliq tartiblarini isloh qilmoqda. Ammo bularning barchasi samarali ishlashi uchun tadbirkorlar ulardan qanday foydalanishni bilishlari zarur.
Ma’lumotlar sayt va ijtimoiy tarmoqlar orqali yetkaziladi — bu majburiy minimum. Ammo haqiqiy o‘zgarishlar yuzma-yuz muloqotda sodir bo‘ladi, deb hisoblayman. Shu sababli, faoliyatimizning asosini oflayn uchrashuvlar tashkil etadi.
Ishni tibbiyot, to‘qimachilik, mebel, qurilish materiallari va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha taqsimlashni rejalashtirmoqdamiz. Har bir guruh uchun o‘ziga xos yondashuv, mantiq va rivojlanish nuqtalari ishlab chiqiladi. Bu tadbirkorlar bilan bir tilda gaplashib, ularga shunchaki ko‘rsatmalar berish o‘rniga, muammolarini haqiqatan hal qilish imkonini beradi.
Bundan tashqari, biz bu ishga tadbirkorlarning o‘zlarini ham jalb etmoqchimiz. Qiyinchiliklarni yengib, muvaffaqiyatga erishgan tadbirkorlar o‘z tajribalarini boshqalar bilan baham ko‘rishlari mumkin bo‘ladi. Bu ishonch uyg‘otadi: chunki ma’lumotni amaldor emas, balki muvaffaqiyatga erishgan hamkasb beradi.
Uyushma qanday moliyalashtiriladi?
Uyushma faqat ishtiyoq asosida uzoq vaqt ishlay olmaydi. Ha, hozir biz boshlang‘ich nuqtadamiz va ko‘plab jarayonlar hali shakllanmoqda. Ammo biz darhol barqaror modelga asos solamiz.
Boshlanishiga — bu a’zolik badallari. Lekin ularni yig‘ish uchun tadbirkorlarga haqiqatda foyda keltirayotganimizni isbotlashimiz kerak. Hech kim shunchaki pul to‘lamaydi. Biz avval natija ko‘rsatamiz — yordam beramiz, muammoni hal qilamiz, maslahat beramiz — shundan keyingina rasman a’zolikni taklif qilamiz.
Bundan tashqari, biz hamkorlik moliyalashtirishini izlaymiz: grantlar, xalqaro tashkilotlar dasturlari, biznes tomonidan qo‘llab-quvvatlash. Bizga tadbirlarni o‘tkazish, ta’lim berish, targ‘ib qilish va platformani ishga tushirish uchun resurslar zarur. Hatto ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyat ham investitsiyadir.
Men so‘rashga o‘rganmaganman, ammo haqiqiy tuzilmani yaratish uchun resurslar zarurligini tushunaman. Biz ochiq bo‘lamiz — mablag‘lar qayerdan kelishi va nimaga sarflanishini qayd etishni rejalashtirmoqdamiz. Shaffoflik asosiy tamoyillarimizdan biri bo‘ladi.
Avvalroq 1-iyuldan boshlab kichik va o‘rta biznes uchun yangi talablarga uch yillik moratoriy joriy etilishi ma’lum qilingandi.