Migratsiya agentligi va Sloveniyaning Kolektor Construction korxonasi o‘zbekistonliklarni ishga taklif qilmoqda. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.

Beton aralashtiruvchi yuk avtomobil haydovchisi, qurilish og‘ir texnikasi operatori (gidravlik ekskavator) va asfalt yotqizuvchi ishlari uchun 35 ta bo‘sh ish o‘rinlari mavjud.

Ish haqi oyiga 1000 yevroni, ish soati esa oyiga 200 soatni tashkil etadi.

Nomzodlar 25−45 yosh oralig‘ida, o‘rta maxsus diplom hamda 5 yillik ish tajribasiga ega bo‘lishi kerak. Shu bilan birga, O‘zbekistondan chiqishga ta’qiqi bo‘lmasligi, sudlanmagan va ingliz tilini muloqot darajasida bilishi talab etiladi.

Viza hamda ishlash huquqini beruvchi ruxsatnoma xarajatlari qoplab beriladi. Ishchilarga yillik bonuslar taqdim etiladi. Kunlik oziq-ovqat xarajatlari uchun kuniga 7,5 yevro beriladi.

Nomzodlar aviachipta, turar joy hamda agentlik to‘lovini (BHMning 10 baravari — 3,75 mln so‘m, 1-iyuldan — 4,1 mln so‘m) to‘lashi kerak.

Har bir kasb egalari quyidagi tegishli havola orqali ro‘yxatdan o‘tishi mumkin:

Batafsil ma’lumotlarni Migratsiya agentligining 71 202 33 55 (ichki raqam 171, 172 ish kunlarida 9.00 dan -18.00 gacha) telefon raqamlari orqali olishi mumkin.

Shuningdek, agentlik litsenziyaga ega GlobalHR xususiy agentligi Mongoliyadagi qurilish ishlariga qabul qilayotganini ma’lum qildi.

Fuqarolar oshpaz, qolibchi (opalubkachi) hamda yordamchi ishlari uchun ariza topshirishlari mumkin. Bo‘sh ish o‘rinlari soni — 50 ta. Ish haqi sinov muddatida $800, undan keyin esa $1000 dan boshlab (qo‘lga tegishi) beriladi.

Nomzodlarga 25−45 yosh, jismoniy yuklamalarga tayyor hamda kasb bo‘yicha ish tajribasiga ega bo‘lishi kerak. Ishchilar bepul turar joy, 3 mahal ovqat, viza hamda aviachipta bilan ta’minlanadi. Ro‘yxatdan o‘tish uchun havola bu yerda.

Agentlik ushbu e’londagi ma’lumotlarga GlobalHR xususiy bandlik agentligi mas’ul ekanligini eslatmoqda. Batafsil ma’lumotlarni 95 839 99 99, 95 933 09 99 hamda 95 757 99 90 Telegram-manzilidan olish mumkin.

May oyida O‘zbekiston va Sloveniya mehnat migratsiyasi sohasida tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida doimiy faoliyat yurituvchi ekspertlar guruhini tuzib, zarur normativ-huquqiy bazani tayyorlashga kelishib olgandi. Migratsiya agentligi rahbari Behzod Musayevning qayd etishicha, Sloveniyada O‘zbekistondan kelgan ishchilar uchun yaxshi imkoniyatlar mavjud.

Avvalroq O‘zbekistonliklar Italiyaga ishga jalb qilinishi haqida xabar berilgandi. Mamlakat 2026-yildan o‘zbekistonliklarga 1500 ta bo‘sh ish o‘rni uchun kvota ajratadi. Italiyada muhandislik, turizm va qishloq xo‘jaligi kabi sohalarda malakali mutaxassislarga talab yuqori.