O‘zbekiston BAAga tashrif buyurayotgan fuqarolarning muammolarini hal qilish choralarini ko‘rishda davom etmoqda. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burxonov ma’lum qildi.
U so‘nggi paytlarda Amirliklar hududiga kirishda o‘zbekistonliklar duch kelayotgan qiyinchiliklar, uzoq davom etgan tekshiruvlar tufayli ularning xalqaro aeroportlarda uzoq vaqt qolib ketayotgani haqidagi murojaatlar kelayotganini qayd etdi.
“Mamlakatning BAAdagi diplomatik vakolatxonalari tomonidan bu holatlarni hal qilish maqsadida faol choralar ko‘rilmoqda. Diplomatlarimiz doimiy ravishda vaziyatni monitoring qilib, BAAning immigratsion va boshqa tegishli idoralari vakillari bilan uzluksiz muzokaralar olib bormoqda”, — dedi Burxonov.
Muzokaralar fuqarolarning mamlakat hududiga “imkon qadar tezroq va muammosiz kirishini ta’minlash"ga qaratilgan, “masalani joyida hal qilish uchun barcha sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda”.
Shu bilan birga, TIV matbuot kotibi aeroportlarda yuzaga kelayotgan kechikishlar va tekshiruvlarning sabablari aniqlanayotganini ta’kidladi. “Bu esa masalaning kelib chiqish ildizlarini tushunish va kelajakda bunday holatlarni oldini olishga yordam beradi”, — deb yozdi u.
Fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida Abu-Dabi shahridagi O‘zbekiston elchixonasi hamda Dubay shahridagi Bosh konsulxona vakillari doimiy ravishda mahalliy aeroportlarda bo‘lib, aholiga ko‘mak bermoqda.
Bir necha kun oldin Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston fuqarolarining BAA aeroportlarida ushlab turilgani holati yuzasidan rasmiy munosabat bildirgandi. Amirliklarda xalqaro tadbirlar o‘tkazilishi sababli xavfsizlik choralari kuchaytirilgani aeroportlarda tekshiruv vaqtlari cho‘zilishiga olib kelgani qayd etilgan.
Gazeta.uz muxbirining xabar berishicha, Sharja aeroportida dastlab, ayollar va yoshi katta insonlarni o‘tkazilgan. Qolgan erkak va yigitlardan birinchi marta kelayotgani uchun anketa to‘ldirish, mehmonxona band qilgani haqida hujjat va qaytish biletlari nusxasi so‘ralgan.
Bu kabi holat birinchisi emas. 2024-yilning noyabr oyida Wizz Air aviakompaniyasining Toshkentdan Abu-Dabiga 5W7160 reysi bilan uchib borgan 31 nafar erkak tushuntirishlarsiz ushlab turildi. Ular boshqa yo‘lovchilardan ajratib olinib, pasportlari olib qo‘yilgan, tashrif maqsadi va davomiyligi haqida so‘roq qilindi.
Oradan bir kun o‘tib, aeroportdan chiqarilmagan va u yerda bir sutkadan ortiq qolib ketgan 13 nafarga yaqin fuqaro Toshkentga qaytib keldi. Keyinroq boshqa reys bilan borgan boshqa erkaklar ham ushlab turilgan ma’lum bo‘ldi. Biroq, ularning soni noma’lum. TIV bu vaziyatni mamlakat bilan ko‘rib chiqa boshladi.
Joriy yilning aprel oyida Dubayda o‘zbekistonliklar o‘rtasida huquqbuzarlik holati sodir etilgani ma’lum bo‘ldi. Natijada 15 nafar O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olingan. Tashqi ishlar vazirligi huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan vaziyatni o‘rgana boshladi. Bu kabi holatlarning ko‘payishi ikki davlat o‘rtasidagi vizasiz tartibga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi ta’kidlandi.
Undan keyin TIV o‘zbekistonliklarning BAAga kirishi taqiqlangani haqidagi xabarlarni rad etdi. Vazirlik ikki mamlakat o‘rtasidagi vizasiz tartib o‘z kuchida ekanligini hamda cheklovlar joriy etilmaganini ma’lumot qildi.
Avvalroq O‘zbekistonliklar Italiyaga ishga jalb qilinishi haqida xabar berilgandi. Mamlakat 2026-yildan o‘zbekistonliklarga 1500 ta bo‘sh ish o‘rni uchun kvota ajratadi. Italiyada muhandislik, turizm va qishloq xo‘jaligi kabi sohalarda malakali mutaxassislarga talab yuqori.