30-noyabr kuni Abu-Dabi shahridagi Shayx Zayd nomidagi xalqaro aeroportida “noma'lum sabablarga ko‘ra” 31 nafar O‘zbekiston fuqarosi ushlab turilgani haqida xabar berdi O‘zbekistonning BAAdagi elchixonasi.
“O‘zbekistonning Abu-Dabidagi elchixonasi va Dubaydagi bosh konsulxonasi aeroport ma’muriyati va amirliklarning mas’ul idoralari vakillari bilan muloqotda bo‘lib, vaziyatni nazoratga olgan” — deyiladi xabarda.
Diplomatik missiyaning ta’kidlashicha, aeroport ma’muriyati bilan hamkorlikda vatandoshlarni uch mahal ovqat bilan ta’minlash va zarur hollarda tibbiy yordam ko‘rsatish choralari ko‘rilgan. “Yuzaga kelgan vaziyatni bartaraf etish bo‘yicha barcha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda”, deyiladi xabarda.
Shanba kuni tunda “Wizz Air” aviakompaniyasining Toshkentdan Abu-Dabiga 5W7160 reysi bilan uchib kelgan 31 nafar erkak aeroportdan chiqarilmay, havo bandargohida ushlab turilgan, deb yozadi “Gazeta.uz” yo‘lovchilarga tayanib.
Keyinroq yana 10 kishi, so‘ng esa yana 50 kishi ushlab turilgani ma’lum bo‘ldi. Suhbatdoshlarning fikricha, ushlashlar bundan keyin ham davom etishi mumkin.
Shu bilan birga, ayollar, bolalar va yoshi katta odamlar qo‘yib yuborilgan. 20 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan erkaklar ushlab turilgan, ular mamlakatdan chiqarib yuborilishi mumkin. Ularning hech biriga bunday xatti-harakatlarning sababi ma’lum qilinmagan.
Yanvar oyida BAA O‘zbekiston fuqarolari uchun 30 kunlik vizasiz rejimni joriy qildi. 16-fevraldan boshlab o‘zbekistonliklar amirliklarda 30 kungacha vizasiz bo‘lishlari mumkin.