Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston fuqarolarining BAA aeroportlarida ushlab turilgani holati yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Vazirlik BAAdagi turli aeroportlar orqali mamlakat hududiga kirib kelayotgan xorijliklar, shu jumladan o‘zbekistonliklarning tekshiruvlari cho‘zilib ketayotgani alohida monitoring qilinayotganini ma’lum qildi. Hozirda fuqarolarning qonuniy huquqlari va manfaatlarini himoya qilish chora-tadbirlari ko‘rilmoqda.

“Mamlakatimizning Abu-Dabi shahridagi elchixonasi hamda Dubay shahridagi Bosh konsulxonasi BAAning tegishli tashkilotlari bilan bu masalada zudlik bilan muzokaralar o‘tkazdi va vaziyatni yaxshilash bo‘yicha doimiy aloqada bo‘lib turmoqda”, — deyiladi xabarda.

Aeroportlarda tekshiruv vaqtlari cho‘zilib ketishi BAAda turli xalqaro tadbirlar o‘tkazilishi sababli xavfsizlik choralari kuchaytirilgani bilan izohlanadi. Hozirda fuqarolarni “tezlik bilan tekshiruvdan o‘tkazish uchun barcha imkoniyatlar safarbar etilgan”, natijada ular mamlakat hududiga kirib kelishni boshlagan.

2-iyun kuni Toshkent-Sharja reysi bilan Jahon chempionati saralashi doirasidagi o‘yinni tomosha qilish uchun BAAga kelgan 100 dan ortiq o‘zbekistonliklar Sharja aeroportida ushlab turilgani ma’lum bo‘ldi.

Gazeta.uz muxbirining xabar berishicha, Sharja aeroportida dastlab, ayollar va yoshi katta insonlarni o‘tkazilgan. Qolgan erkak va yigitlardan birinchi marta kelayotgani uchun anketa to‘ldirish, mehmonxona band qilgani haqida hujjat va qaytish biletlari nusxasi so‘ralgan.

“Barchaning hujjatlari olib borilganda, ulardan nusxa ko‘chirib, shu bilan barcha hujjatlarni olib kirib ketishdi va qaytib chiqishmadi. Sharja vaqti bilan 06:05 da qo‘ngan bo‘lsak, hozir 11:05. Aytarli gap yo‘q. Nima uchunligi va qachon qanday javob berilishi umuman noma’lum”, — deya ta’kidladi aeroportda bo‘lib turgan Gazeta.uz muxbiri.

Shu kuni tadbirkor Bektosh Xatamov Telegram-kanalida Toshkent shahar turizm boshqarmasining poytaxtda turizm sohasida faoliyat yuritadigan tadbirkorlarga jo‘natgan xatini e’lon qildi.

Unda Turizm qo‘mitasiga TIV Konsullik-huquqiy departamentining murojaatida 5-iyun kuni Abu Dabida bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston-BAA o‘yiniga yirik blogerlar terma jamoa fan-klubi a’zolari bilan 5 ming nafar tomoshabinni Amirliklarga olib kelish bo‘yicha targ‘ibot ishlarini amalga oshirayotgani qayd etilgan. Biroq, muxlislarning stadionga sig‘maslik ehtimoli yuqori ekanligi, bu esa xavfsizlik bilan bog‘liq muammolarni keltirib chiqarishi mumkinligi va bu boradagi ehtimollar haqida ma’lumot berigan.

Toshkent shahar turizm boshqarmasidan poytaxtdagi turizm sohasida faoliyat yurituvchi korxonalarga BAA aeroportlarida xavfsizlik idoralari tomonidan O‘zbekiston fuqarolarning qaytarib yuborilishi asos sifatida taxmin qilinayotganini inobatga olib, bu kunlarda BAAga turpaketar orqali turistlarni yubormaslik choralarini ko‘rishni tavsiya etgan.

2024-yilning noyabr oyida Wizz Air aviakompaniyasining Toshkentdan Abu-Dabiga 5W7160 reysi bilan uchib borgan 31 nafar erkak tushuntirishlarsiz ushlab turildi. Ular boshqa yo‘lovchilardan ajratib olinib, pasportlari olib qo‘yilgan, tashrif maqsadi va davomiyligi haqida so‘roq qilindi.

Oradan bir kun o‘tib, aeroportdan chiqarilmagan va u yerda bir sutkadan ortiq qolib ketgan 13 nafarga yaqin fuqaro Toshkentga qaytib keldi. Keyinroq boshqa reys bilan borgan boshqa erkaklar ham ushlab turilgan ma’lum bo‘ldi. Biroq, ularning soni noma’lum. TIV bu vaziyatni mamlakat bilan ko‘rib chiqa boshladi.

Joriy yilning aprel oyida Dubayda o‘zbekistonliklar o‘rtasida huquqbuzarlik holati sodir etilgani ma’lum bo‘ldi. Natijada 15 nafar O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olingan. Tashqi ishlar vazirligi huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan vaziyatni o‘rgana boshladi. Bu kabi holatlarning ko‘payishi ikki davlat o‘rtasidagi vizasiz tartibga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi ta’kidlandi.

Undan keyin TIV o‘zbekistonliklarning BAAga kirishi taqiqlangani haqidagi xabarlarni rad etdi. Vazirlik ikki mamlakat o‘rtasidagi vizasiz tartib o‘z kuchida ekanligini hamda cheklovlar joriy etilmaganini ma’lumot qildi.