May oyida Humans Raqobat qo‘mitasidan O‘zbektelekom'ga nisbatan monopoliyaga qarshi ish ochishni so‘radi. Kompaniyaning qayd etishicha, davlat operatori qarzdorlik tufayli Humans uchun internet tezligini pasaytirib, xizmatlarga “monopol yuqori narx” belgilagan va kamsituvchi sharoitlar yaratgan.
O‘zbektelekom telekommunikatsiya xizmatlari operatori matbuot xizmati mazkur holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
Kompaniya Humans virtual operatori “boshqa mobil operatorlardan farqli ravishda” o‘z tarmog‘ini yaratishga sarmoya kiritmagani, shu sababli mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatish uchun 2020-yildan buyon shartnoma asosida O‘zbektelekom mobil tarmog‘idan foydalanib kelishini qayd etdi.
O‘zbektelekom'ga ko‘ra, OAVlarda e’lon qilingan kompaniyaning Humans’ga “bozordagi ustun mavqesidan foydalanib bosim o‘tkazayotgani” to‘g‘risidagi xabarlar asossiz. Aloqa operatori o‘z infratuzilmasiga ega bo‘lib, O‘zbektelekom'dan tashqari Ucell, Beeline yoki Mobi.uz kabi boshqa mobil operatorlar bilan shartnoma asosida xizmatlarini ko‘rsatishi mumkin.
“Qonunchilikda faqat O‘zbektelekom infraztuzilmasidan foydalanish kerak, deb belgilab qo‘yilmagan”, — deyiladi xabarda.
O‘zbektelekom O‘zbekistonda internet xizmatlarini arzonlashtirish va ularni aholiga qulaylashtirish bo‘yicha “muhim ishlarni amalga oshirib kelayotgani"ni ta’kidlagan. Masalan, xalqaro internet kanallarining o‘tkazuvchanlik qobiliyati kengaytirilishi hisobiga operator va provayderlar uchun 1 Mbit/s internet narxi 2017−2024 yillarda 40 barobarga arzonlashtirilgan.
Kompaniya Humans uzoq vaqt davomida shartnoma majburiyatlarini muntazam ravishda buzib, ko‘rsatilgan xizmatlar bo‘yicha katta miqdordagi qarzdorlikni to‘lamasdan kelganini qayd etdi.
“O‘zbektelekom faqat iste’molchilar huquqi buzilmasi uchun Humans bo‘ladimi yoki boshqa operator, iste’molchilar to‘lagan puliga yarasha xizmat olsin, deb o‘z xizmatini davom ettirdi”, — ta’kidlanadi kompaniya xabarida.
Davlat kompaniyasi mavjud qarzdorlikni undirish va kelgusidagi zararlarni kamaytirish maqsadida Humans’ga nisbatan sudga da’vo arizasini kiritdi. 8-may kuni Toshkent shahar iqtisodiy sudi kompaniya tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar uchun qarzdorlikni undirish yuzasidan qarorini e’lon qildi.
Bundan tashqari, jamoatchilikni, tartibga soluvchi organlar va biznes hamkorlarni chalg‘ituvchi, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlar tarqatilsa, O‘zbektelekom “o‘z ishbilarmonlik obro‘sini himoya qilish maqsadida” sudga murojaat qilish huquqini o‘zida saqlab qoldi.
“O‘zbektelekom ochiqlik, halol raqobat va amaldagi qonunchilikka rioya qilish tamoyillariga sodiqligini tasdiqlaydi. Kompaniya bozordagi istalgan ishtirokchi, jumladan Humans kompaniyasi bilan, ular o‘z majburiyatlarini vijdonan bajargan taqdirda konstruktiv muloqotga ochiq”, — deya xulosa qilingan.
Avvalroq Spot Humans Group xalqaro xoldingi tarkibiga kiruvchi va Humans’ning O‘zbekistondagi biznesiga egalik qiluvchi Singapurning Humans Mobile Ltd. kompaniyasi Jahon banki huzuridagi Investitsiya nizolarini hal qilish bo‘yicha xalqaro markazda (ICSID) O‘zbekistonga qarshi arbitraj jarayonini rasman boshlagani haqida yozgandi. U davlat organlaridan ko‘rilgan zararni qoplashni talab qilmoqda
Undan keyin Markaziy bank Maroqandga qo‘yilgan cheklovlar sababli Humans bilan arbitraj boshlanganini tasdiqladi. Regulyator hozirda arbitraj nizosi mazmunan ko‘rib chiqishga tayyorlanayotganini, ish jarayonlaridan kelib chiqib qo‘shimcha tafsilotlar berilishini ma’lum qildi.