Rossiya Markaziy banki Direktorlar kengashi 6-iyun kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 21%dan 20%ga pasaytirdi, deya xabar bermoqda regulyator.
Markaziy bank pul-kredit siyosatini yumshatish to‘g‘risidagi qarorini “inflyatsiya bosimining izchil pasayishi” hamda “Rossiya iqtisodiyotining muvozanatli o‘sish yo‘liga qaytishi” bilan izohladi.
Rossiya banki so‘nggi marta 2022-yil sentabrida asosiy stavkani 8%dan 7,5%ga tushirib, uni pasaytirgan edi. RBC nashrining ta’kidlashicha, o‘tgan uch yil mobaynida Markaziy bank faqatgina stavkani oshirish yoki uni avvalgi darajada saqlash bo‘yicha qarorlar qabul qilgan.
Rossiya Markaziy banki 2026-yilda inflyatsiyani 4%lik maqsadga qaytarish uchun qat’iy pul-kredit siyosatini olib borishni rejalashtirmoqda. Kelgusida asosiy stavka bo‘yicha qarorlar inflyatsiyaning pasayish sur’ati va barqarorligiga hamda inflyatsion kutilmalarga bog‘liq bo‘ladi.
Regulyator proinflyatsion xavf-xatarlar biroz kamayganini qayd etdi, ammo o‘rta muddatli istiqbolda ular hamon dezinflyatsion xavf-xatarlardan ustunlik qilmoqda.
Asosiy xavf-xatarlar Rossiya iqtisodiyotining muvozanatli o‘sish yo‘nalishidan yuqoriga og‘ishi uzoqroq davom etishi, inflyatsion kutilmalar yuqori darajada saqlanib qolishi, shuningdek, tashqi savdo sharoitlarining yomonlashuvi bilan bog‘liq.
“Savdo ziddiyatlari kuchaygan taqdirda, jahon iqtisodiyotining o‘sish sur’atlari va neft narxlarining yanada pasayishi rubl kursi o‘zgarishi orqali inflatsiyani oshiruvchi ta’sir ko‘rsatishi mumkin,” deya ta’kidlanadi xabarda.
Deinflyatsion xatarlar sifatida Rossiya banki qat’iy pul-kredit sharoitlari ta’sirida kreditlash va ichki talab o‘sishining sezilarli darajada sekinlashishini ta’kidlaydi.
2024-yil oktabr oyida Rossiya Markaziy banki birinchi marta asosiy stavkani yillik 21%gacha ko‘tardi. Bungacha maksimal asosiy stavka 2022-yilning fevral oyi oxiri — mart oylarida kuzatilgan.
Avvalroq Spot Rossiya 2024-yilda O‘zbekistonga gaz yetkazib berishni 4 barobardan ortiqqa oshirgani haqida yozgandi.
Gazprom mamlakatga 2023-yilga nisbatan 4,36 mlrd kub metrga ko‘p — 5,64 mlrd kub metr gaz eksport qilgan.