O‘zbektelekom Humans kompaniyasidan 520 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ to‘lashni talab qilmoqda. Bu haqda vaziyatdan xabardor manba Spot’ga ma’lum qildi.
Kuni kecha O‘zbektelekom Humans kompaniyasidan qarzdorlikni undirish va kelgusidagi zararlarni kamaytirish maqsadida sudga da’vo arizasi kiritganini ma’lum qilgandi. 8-may kuni Toshkent shahar iqtisodiy sudi Humans kompaniyasidan ko‘rsatilgan xizmatlar uchun qarzdorlikni undirish yuzasidan qaror chiqargan.
Spot’ga ma’lum bo‘lishicha, 2020-yildan buyon O‘zbektelekom mobil aloqa tarmog‘idan foydalanayotgan Humans virtual operatorining asosiy qarzdorligi 497 mlrd so‘mdan ortiqni tashkil etadi.
Bundan tashqari, davlat kompaniyasi Humans’dan 223 mlrd so‘m penya undirishni talab qilgan. Biroq Toshkent shahar iqtisodiy sudi uni qariyb 10 baravarga — 23,5 mlrd so‘mga pasaytirdi. Shunday qilib, Humans’ning O‘zbektelekom oldidagi jami qarzdorligi 520 mlrd so‘mdan ortiqni tashkil etdi.
Ismini oshkor qilishni istamagan xabardor manbaning Spot’ga ma’lum qilishicha, Humans 8-maydagi sud qarori ustidan apellyatsiya shikoyati bergan, biroq u hali apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqish uchun qabul qilinmagan.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbektelekom boshqaruvi raisining moliyaviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Akram To‘xtiyorov tomonidan 2024-yil 27-martda imzolangan xat tarqalgandi. Unda Humans kompaniyasidan 532 mlrd so‘mlik qarzdorlikni to‘lash talab qilingan bo‘lib, shundan 361,7 mlrd so‘mi debitorlik qarzi, 170,3 mlrd so‘mi esa penya ekanligi keltirilgan. Biroq Spot mazkur xatning haqiqiyligini tasdiqlay olmaydi.
Nima bo‘lgandi?
Yaqinda Humans Group xalqaro xoldingi tarkibiga kiruvchi va Humans’ning O‘zbekistondagi biznesiga egalik qiluvchi Singapurning Humans Mobile Ltd. kompaniyasi Jahon banki huzuridagi Investitsiya nizolarini hal qilish bo‘yicha xalqaro markazda (ICSID) O‘zbekistonga qarshi arbitraj jarayonini rasman boshladi. 30-maydagi tegishli da’vo arizasi (ICSID Case No. ARB/25/24) bazada ro‘yxatga olinib, “ko‘rib chiqilmoqda”. Javobgar — Adliya vazirligining O‘zbekiston manfaatlarini huquqiy himoya qilish boshqarmasi.
O‘zbekiston va Singapur hukumatlari o‘rtasida 2003-yil 15-iyulda imzolangan va 2003-yil 23-noyabrdan kuchga kirgan Investitsiyalarni rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risidagi ikki tomonlama bitim qoidalarining buzilishi da’vo arizasi berishga asos bo‘lmoqda.
Arbitraj muhokamasiga davlat organlari va kompaniyalari, jumladan, O‘zbekiston Markaziy banki va “O‘zbektelekom” kompaniyasining xatti-harakatlari sabab bo‘lgan. Shu sabab, Humans Mobile bir qator davlat organlarining harakatlari bilan unga yetkazilgan zararni qoplashni talab qilmoqda.
2024-yilning sentabrida Markaziy bank Humans’ga tegishli UPay brendiga ega Maroqand to‘lov tashkiloti faoliyatini olti oyga chekladi. Natijada, uning bank hisobvarag‘idan foydalangan holda to‘lovlarni qabul qilish va o‘tkazish xizmatlari cheklandi. Oktabr oyi oxirida Markaziy bank sobiq raisi Mamarizo Nurmuratov fuqarolarning pullari bukmekerlik kompaniyalariga noqonuniy o‘tkazilgani sababli Maroqand litsenziyasi to‘xtatilganini tushuntirdi.
Joriy yilning 26-mart kuni Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi Maroqand to‘lov tashkilotining ayrim operatsiyalarini cheklash to‘g‘risida ilgari qabul qilingan qarorni bekor qildi. Regulyator xabari 17-aprel kuni tahrirlangan.
May oyida Humans Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasidan O‘zbektelekom'ga nisbatan monopoliyaga qarshi ish ochishni so‘radi. Kompaniyaning qayd etishicha, davlat operatori qarzdorlik tufayli Humans uchun internet tezligini pasaytirib, xizmatlarga “monopol yuqori narx” belgilagan va kamsituvchi sharoitlar yaratgan.
“Biz O‘zbekistonga va uning fuqarolariga doimo ishonganmiz va ishonamiz. Biz prezidentning iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, raqamlashtirish va tadbirkorlik erkinliklarini kengaytirish borasida amalga oshirayotgan sa’y-harakatlariga tan beramiz. Transformatsiya yo‘lida erkin bozorni yaratish, ochiqlikni oshirish va o‘sishni jadallashtirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni susaytiradigan qarshilar ham uchrashini tushunamiz. Biz O‘zbekistonning qonun ustuvorligi va amaldorlar zo‘ravonligisiz o‘zgarishi tarafdorimiz”, — deya izoh berdi Humans Group bosh direktori va asoschisi Vladimir Dobrinin.
U arbitraj muhokamasi “investorlar o‘z manfaatlarini insofsiz ma’muriyatchilikdan himoya qilishning madaniyatli vositasi”, deya qayd etdi. Humans sud muhokamasi “adolatli tartibga solish tamoyillarini mustahkamlash va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga” xizmat qiladi deb hisoblab, zararni qoplashni talab qilmoqda, ammo uning miqdori ko‘rsatilmagan.
O‘zbektelekom pozitsiyasi
O‘zbektelekom Humans virtual operatorining o‘z manziliga qilgan da’volariga javob qaytardi. Davlat kompaniyasining ta’kidlashicha, Humans “boshqa operatorlardan farqli o‘laroq” o‘z tarmog‘ini yaratishga sarmoya kiritmagan. 2020-yildan buyon shartnoma asosida O‘zbektelekom mobil tarmog‘idan foydalanib keladi.
O‘zbektelekom'ga ko‘ra, OAVlarda e’lon qilingan kompaniyaning Humans’ga “bozordagi ustun mavqesidan foydalanib bosim o‘tkazayotgani” to‘g‘risidagi xabarlar asossiz. Aloqa operatori o‘z infratuzilmasiga ega bo‘lib, O‘zbektelekom'dan tashqari Ucell, Beeline yoki Mobi.uz kabi boshqa mobil operatorlar bilan shartnoma asosida xizmatlarini ko‘rsatishi mumkin.
“Qonunchilikda faqat O‘zbektelekom infraztuzilmasidan foydalanish kerak, deb belgilab qo‘yilmagan”, — deyiladi xabarda.
O‘zbektelekom O‘zbekistonda internet xizmatlarini arzonlashtirish va ularni aholiga qulaylashtirish bo‘yicha “muhim ishlarni amalga oshirib kelayotgani"ni ta’kidlagan. Masalan, xalqaro internet kanallarining o‘tkazuvchanlik qobiliyati kengaytirilishi hisobiga operator va provayderlar uchun 1 Mbit/s internet narxi 2017−2024 yillarda 40 barobarga arzonlashtirilgan.
Kompaniya Humans uzoq vaqt davomida shartnoma majburiyatlarini tizimli ravishda buzib, ko‘rsatilgan xizmatlar bo‘yicha katta miqdordagi qarzdorlikni to‘lamasdan kelganini qayd etdi.
“O‘zbektelekom faqat iste’molchilar huquqi buzilmasi uchun Humans bo‘ladimi yoki boshqa operator, iste’molchilar to‘lagan puliga yarasha xizmat olsin, deb o‘z xizmatini davom ettirdi”, — ta’kidlanadi kompaniya xabarida.
Davlat kompaniyasi mavjud qarzdorlikni undirish va kelgusidagi zararlarni kamaytirish maqsadida Humans’ga nisbatan sudga da’vo arizasini kiritdi. 8-may kuni Toshkent shahar iqtisodiy sudi kompaniya tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar uchun qarzdorlikni undirish yuzasidan qarorini e’lon qildi.
Bundan tashqari, jamoatchilikni, tartibga soluvchi organlar va biznes hamkorlarni chalg‘ituvchi, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlar tarqatilsa, O‘zbektelekom “o‘z ishbilarmonlik obro‘sini himoya qilish maqsadida” sudga murojaat qilish huquqini o‘zida saqlab qoldi.
“O‘zbektelekom ochiqlik, halol raqobat va amaldagi qonunchilikka rioya qilish tamoyillariga sodiqligini tasdiqlaydi. Kompaniya bozordagi istalgan ishtirokchi, jumladan Humans kompaniyasi bilan, ular o‘z majburiyatlarini vijdonan bajargan taqdirda konstruktiv muloqotga ochiq”, — deya xulosa qilingan.
Avvalroq Markaziy bank Maroqandga qo‘yilgan cheklovlar sababli Humans bilan arbitraj boshlanganini tasdiqlagani haqida xabar berilgandi.