Shavkat Mirziyoyev 9-iyun kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etish uchun mamlakatga kelgan BRIKS Yangi taraqqiyot banki prezidenti Dilma Rusefni qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Unda mazkur ko‘p tomonlama moliyaviy institut bilan amaliy hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. O‘tgan yilning oktabr oyidagi BRIKS sammiti doirasida erishilgan kelishuvlar izchil amalga oshirilayotgani qayd etildi.
Xususan, bankning Boshqaruvchilar kengashi tomonidan O‘zbekiston Yangi taraqqiyot bankiga a’zo bo‘lishiga prinsipial rozilik berildi. Umumiy qiymati $5 mlrdlik birinchi navbatdagi qo‘shma loyihalar dasturi shakllantirildi.
Davlat rahbari irrigatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish, tog‘-kon sanoatini rivojlantirish, xususiy sektorni moliyalashtirish, ta’lim va infratuzilma sohalarida davlat-xususiy sheriklikni ilgari surish kabi ustuvor yo‘nalishlarda loyihalarni tez fursatda tayyorlash va amalga oshirish muhimligini ta’kidladi.
Shuningdek, yirik mintaqaviy infratuzilma loyihalari qo‘llab-quvvatlandi.
O‘tgan yili prezident O‘zbekiston BRIKSning yangi investitsiya platformasiga qo‘shilishni rejalashtirayotganini ma’lum qilgandi. Davlat rahbari xavf-xatarlarning oldini olish va yagona standartlarni ishlab chiqish uchun sun’iy intellekt loyihalariga qiziqish bildirdi.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev va Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso Strategik sheriklik to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani imzolagani haqida xabar berilgandi.